Turdimovga vazirlikka xodimlarni suhbat asosida qabul qilish vakolati berildi
O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 19-oktyabrdagi PQ–380-son qarori bilan Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi. Ushbu qaror bilan Ta’lim va ilm-fan vaziriga 2027-yil 1-fevralgacha xodimlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish huquqi berildi.
Qarorga ko‘ra, vazirlik ta’lim, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohalaridagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi. Hujjat bilan vazirlikda aholi murojaatlari bilan ishlash va ta’lim tizimidagi muammolarni aniqlashga qaratilgan bir qator mexanizmlar ham joriy etiladi.
Vazirlikda autsorsing asosida «Call-markaz» tashkil etiladi. U aholi murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va e’tirozlarini qabul qilish, ularni tezkor ko‘rib chiqish hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, aholi va ta’lim-ilm-fan tizimi xodimlari bilan muntazam muloqot o‘rnatish uchun qayta aloqa tizimi yo‘lga qo‘yiladi. U orqali ta’lim xizmatlarining sifati, ommabopligi va mavjud muammolar haqida tezkor axborot olish hamda uni tahlil qilish ko‘zda tutilgan.
Vazir huzurida ta’lim oluvchilar, talabalar, ota-onalar, pedagoglar va ish beruvchilar vakillaridan iborat Ta’lim bo‘yicha jamoatchilik kengashi ham tashkil etiladi.
Vazirlik hay’ati 15 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. Uning tarkibiga vazir, uning o‘rinbosarlari, vazirlik huzuridagi agentliklar direktorlari, yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari, olimlar va pedagoglar kiritiladi.
Shuningdek, vazirlik huzurida Inson kapitalini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Ta’lim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi tashkil etiladi.
Prezident Administratsiyasi huzurida esa Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuziladi.
Qarorga muvofiq, vazirlik huzurida Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil qilinadi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ta’limni rivojlantirish markazi faoliyati tugatiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter