Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya O‘zbekiston bilan ta’lim sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirmoqchi

Yaponiya O‘zbekiston bilan ta’lim sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirmoqchi

Toshkent shahrida Yaponiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan o‘zbekistonlik mutaxassislarning navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Yaponiya OTM bitiruvchilari klubi (UJUAC – Uzbekistan Japan Universities Alumni Club) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumanda Kunchiqar o‘lka OTM bitiruvchilarining ta’lim sohasida erishgan yutuqlari muhokama qilindi.

Tadbirda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori ham qatnashdi. Diplomat Tokio Toshkent bilan turli sohalar qatorida ta’lim bo‘yicha ham hamkorlikni yanada kengaytirish niyatida ekanini ta’kidladi.

«Yaponiyada tahsil olib qaytayotgan o‘zbekistonliklar soni yil sayin oshib bormoqda. Ular turli sohalarda faoliyat olib borish barobarida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. Shu bois ular o‘rtasidagi uchrashuvlarni ko‘proq tashkil qilib, tajribalarini yanada boyitishga yordam berish kerak deb o‘ylayman. Masalaning yana bir jihati bor: hozirda Yaponiyadan kelib, O‘zbekiston oliy o‘quv muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar soni ham ortib bormoqda. Kelajakda ular bilan ham hamkorlik loyihalari amalga oshiriladi», – deydi elchi Takashi Hatori.

Yaponiya hukumati moliyalashtirayotgan loyiha doirasida yuzlab yurtdoshimiz Kunchiqar yurtning nufuzli universitetlarida tahsil olish imkoniga ega bo‘ldi.

Avval xabar berganimizdek, o‘tgan yili ham  300 million iyenalik (taxminan 2 million 190 ming dollar) «Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish» loyihasi bo‘yicha hujjat imzolangan. Beg‘araz yordam dasturi doirasida 2024 yilda O‘zbekistonning 18 nafar yosh davlat xizmatchisi magistratura (2 yil) va 1 nafar yosh davlat xizmatchisi doktorantura (3 yil) bosqichida ta’lim oladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Yaponiya hukumati tomonidan 20 yildan ortiq vaqt mobaynida moliyalashtirilayotgan  dastur doirasida 390 nafar O‘zbekiston vazirlik va idoralari vakillari nufuzli universitetlarda tahsil oldi.

Yaponiyada tahsil olib qaytgan yurtdoshlarimiz parlament va hukumat, ta’lim, ishlab chiqarish, xususiy biznes, xalqaro tashkilotlar tizimida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring