Marketing shunchaki kreativlik emas, u aniq mexanizm: Polshadagi grantdan tortib, «Podium Tashkent» va «Union Cafe» muvaffaqiyatigacha
Bugungi raqamli bozorda sahifa ochish oson. Ammo sahifani real savdoga xizmat qildirish — butunlay boshqa masala. Marketing strateg va «Focus» agentligi asoschisi Go‘zal Adilbabayeva marketingni vizual estetikadan ko‘ra ko‘proq boshqariladigan tizim sifatida ko‘radi. Uning yondashuvida har bir post — bu kommunikatsiya, har bir video — bu konversiya, har bir kampaniya esa o‘lchanadigan natijadir.
Go‘zal marketing sohasiga tasodifan kelmagan. U IT yo‘nalishida Toshkentdagi Vestminster universitetida tahsil olgan. Dasturlash, product thinking va analitik tafakkur unga jarayonlarni tizimli ko‘rish ko‘nikmasini berdi. Raqamli mahsulotlar — saytlar, o‘yinlar, platformalar qanday ishlashini bilishi keyinchalik marketingni faqat kreativ emas, balki mexanizm sifatida tushunishiga yordam berdi. Bugun u 10 kishilik professional jamoani boshqarmoqda, 12 dan ortiq yirik blogerlarning faoliyatini koordinatsiya qilyapti va «ProSMM» kursi orqali o‘nlab shogirdlarni bozorga tayyorlab bermoqda.

Quyida Go‘zal Adilbabayeva bilan uning murakkab va muvaffaqiyatli yo‘li haqida suhbatlashamiz.
— Go‘zal, siz shifokorlar oilasida voyaga yetgansiz. Ota-onangiz sizga maksimal ta’lim berishganini ta’kidlaysiz. Vestminster universitetiga kirish yo‘lingiz qanday bo‘lgan?
— To‘g‘ri, men oddiy shifokorlar oilasida katta bo‘lganman. Akam, opam va menga ota-onam maksimal darajada ta’lim berishga harakat qilishgan. Vestminsterga kirish men uchun oson bo‘lmagan. IELTS imtihoniga o‘zim tayyorgarlik ko‘rib, 7 ball olganman. Yoshligimizdan bog‘chamizda ham, maktabimizda ham ingliz tili bo‘lgan, doimiy repetitorlar bilan shug‘ullanganmiz. O‘qishga o‘z bilimim va kuchim bilan kirganimda judayam xursand bo‘lganman. Shu bilan birga, o‘z kontraktimni o‘zim to‘layman deb niyat qilganman va 16 yoshimdan boshlab tinimsiz mehnat qila boshladim.

— 2019 yilda Polshaga yutib olgan grantingiz haqida gapirsangiz. Bu safar dunyoqarashingizga qanday ta’sir qildi?
— 2019 yilda Vestminster universitetining hamkori — "Women in Tech" loyihasi doirasida Varshavada bo‘lib o‘tadigan forum uchun grant yutib oldim. Bu motivatsion xat yozish orqali erishilgan besh kunlik, to‘liq to‘lanadigan safar edi. U yerda IT-texnologiyalarga qiziqqan ayol-qizlar yig‘ilgan edi. Men Google vakillari va boshqa yetakchi kompaniya mutaxassislari bilan yaqindan tanishdim. Bu tajriba mening dunyoqarashimni butunlay o‘zgartirdi. Men tushundimki, kelajagimni aynan raqamli dunyo va texnologiyalar bilan bog‘lashim kerak.

— Marketing sohasida dastlabki yillar qanday o‘tdi? IT bilimlari sizga qaysi nuqtada yordam berdi?
—Talabalik paytida mehmonxonadagi 8 soatlik ish tajribasi menga vaqt va daromad o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikni ko‘rsatib berdi. Shundan so‘ng SMM agentligida ish boshladim va bu mening professional yo‘limdagi burilish nuqtasi bo‘ldi. Ochig‘i, o‘sha paytda atrofimdagi do‘stlarim SMM orqali onlayn va masofadan turib mendan ko‘ra ko‘proq daromad topayotganini ko‘rib, marketing agentligida tajriba orttirishga qat’iy qaror qilganman. Kontent ishlab chiqishdan tortib, mijoz bilan brifdan yakuniy natijagacha bo‘lgan barcha jarayonlarni aynan o‘sha yerda operatsion boshqaruv darajasida o‘rgandim. IT bekgraundi esa menga har bir marketing qarorini shunchaki hissiyot yoki kreativga tayanib emas, balki aniq ma’lumotlarga asoslanib (data-driven) qabul qilish imkonini beradi.
— Loyihalaringiz ichida eng sezilarli natija bergani sifatida "Union Cafe" keysini misol keltirasiz. Bu muvaffaqiyatning siri nimada edi?
— "Union Cafe" bilan ishlashni boshlaganimizda oylik aylanma 100 million so‘m atrofida edi. Biz maqsadni 200 millionga qo‘ydik. Sahifa to‘liq qayta qadoqlandi: vizual konsepsiya yangilandi, video kontent ulushi oshirildi, target kampaniyalari aniq segmentlarga ajratildi. Natijada qisqa muddat ichida savdo 197 millionga, keyinchalik esa 229 million so‘mga yetdi. Bu natija marketing shunchaki "post joylash" emas, balki aniq savdo tizimi ekanini isbotladi.

— Premium segment, xususan "Podium Tashkent" bilan ishlash o‘ziga xos qoidalar talab qiladi. Qisqa vaqt ichida fashion-shou tashkil qilish qanday kechdi?
— Premium segment oddiy SMMdan ko‘ra yuqoriroq vizual standart va tezkorlikni talab qiladi. 2025 yil dekabrida biz bir hafta ichida katta fashion-shou o‘tkazdik. Vazifam 100 ga yaqin bloger va yulduzlarni yig‘ish edi. Munisa Rizayeva, Shahloxonim kabi yulduzlar bilan bevosita muloqot qilib, ularni taklif qildik. Bir haftada 100 ta taklifnoma tarqatish, onlayn anonslarni shov-shuvli qilish va ideal produstionni ta’minlash — bularning hammasi tizimli boshqaruv mevasidir.
— «Focus» agentligi bugun qanday ishlaydi? Jamoani boshqarishda qaysi tizimdan foydalanasiz?
— Agentligimizda 10 kishi bor: SMM mutaxassislari, mobilograf, videograf, dizaynerlar va motion-dizaynerlar. Har bir loyiha auditdan boshlanadi, so‘ngra KPI belgilanadi. Bizda haftalik brifinglar va qat’iy deadline intizomi mavjud. Men «pereklichka» tizimidan foydalanaman: ertalab reja tuziladi, kun oxirida esa nima bajarilgani nazorat qilinadi. Kreativlik faqat biznes maqsadiga xizmat qilgandagina mazmunga ega bo‘ladi deb hisoblayman.

— Siz nafaqat mutaxassis, balki ustozsiz ham. «ProSMM» kursi o‘quvchilarga nima beradi?
— Kursning asosiy farqi — real loyihalarda amaliyot o‘tashdir. Birinchi oqimda 10 kishi o‘qigan bo‘lsa, hozir bitiruvchilar soni 60-70 tadan oshdi. O‘quvchilarga o‘zimning agentligimdan real vazifalar beraman. Eng yaxshi natija ko‘rsatganlarni esa agentligimizga ishga olib qolaman.
— 2023 yil oktyabrida turmush qurgansiz. Oila, karera va shaxsiy blog — bularni qanday qilib baravar olib borish mumkin? Bu sizga to‘siq bo‘lmadimi?
— Aksincha, turmush qurganimdan keyin oilaviy qo‘llab-quvvatlash menga yangi kuch berdi. Jamoam borligi ham ishni to‘g‘ri delegatsiya qilishimga yordam beradi. Bizda "vaqt bloki" qoidasi bor: kechki oltidan keyin men ishga javob bermayman, bu vaqtni to‘liq oilamga bag‘ishlayman. Burnout bo‘lmaslik uchun haftada bir-ikki kun butunlay o‘chaman (offlayn bo‘laman). Turmush o‘rtog‘im bilan dam olishga chiqish, kino ko‘rish menga energiya beradi. Ishonchim komilki, oilamning qo‘llab-quvvatlashi va professional jamoa bilan har qanday cho‘qqini zabt etish mumkin.
— Kelajakdagi maqsadlaringiz qanday? «Focus»ni qayerda ko‘rasiz?
— Keyingi 12 oy ichida agentligimizni yanada kattalashtirmoqchiman. Hozirda ofis olish va shtatimizga ko‘proq professional mobilograf va videograflarni yig‘ish harakatidaman. Kurslarni yana davom ettirish rejamda bor. Katta orzuim — xalqaro brendlar bilan ishlashni davom ettirish (hozirda ham Pinko va Max Mara bilan hamkorlik bor) va O‘zbekiston marketing xizmatlarini tashqi bozorga olib chiqishdir.
— Tengdoshlaringizga va marketingga kirib kelayotgan yoshlarga maslahatingiz?
— Avvalo har bir ishni boshlash uchun istak kuchli bo‘lishi kerak. Har bir sohada yoshlar uchun imkoniyatlar juda katta. Har bir davlatda, har qanday sharoitda yaxshi mutaxassisga ehtiyoj bor. Eng muhimi — reja bilan ishlash va o‘z maqsadingiz yo‘lida to‘xtamaslik.
Siz ham biznesingizni yangi bosqichga olib chiqishni yoki professional marketing bilimlarini egallashni istasangiz, tizimli yondashuvni tanlang. Go‘zal Adilbabayeva tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kreativlik va analitika uyg‘unlashgandagina marketing real natija beradi.
Muallif: Asror MIRZO


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter