Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prinston universiteti 133 yillik qoidani o‘zgartirishga majbur bo‘ldi — SI sababchi

Prinston universiteti 133 yillik qoidani o‘zgartirishga majbur bo‘ldi — SI sababchi

Foto: Magnific.com

Prinston universiteti (AQSh) 1893-yilda tasdiqlangan «Sharaf kodeksi»ga o‘zgartirishlar kiritdi, bunga sun’iy intellekt rivojlanib va ommalashib borayotgani sabab bo‘ldi. The Daily Princetonian talabalar portali xabar berishicha, 1-iyuldan boshlab barcha imtihonlar o‘qituvchilar nazorati ostida o‘tkaziladi.

Prinstondagi imtihonlar 133 yil davomida pedagoglar nazoratisiz o‘tkazib kelingan. Universitetning «Sharaf kodeksi» talabalarning halollik tamoyiliga rioya etishi va ko‘chirmachilik qilmasligini, agar qoidalarni buzsalar, bunga o‘zlari iqror bo‘lishlarini nazarda tutadi. Har bir imtihonda, esse yoki boshqa ishlarni yozishda talabalar «Sharaf kodeksi»ni buzmaganliklari haqida yozma ravishda qasamyod qilishga majburdirlar. Bundan tashqari, ular boshqa talabalar tomonidan qoidalar buzilgani haqida ham xabar berishlari kerak.

«Sharaf kodeksi»ning buzilishiga doir ishlarni ko‘rib chiqish va tekshirish bilan maxsus komissiyalar shug‘ullanadi. Qoidabuzarlik uchun hayfsan, sinov muddati tayinlash, darslardan chetlashtirish yoki agar talaba birinchi marta yolg‘on gapirmayotgan bo‘lsa, universitetdan haydash kabi jazolar qo‘llaniladi.

2025-yilda Prinstonda so‘rovnoma o‘tkazilgan, unga ko‘ra, talabalarning 29,9 foizi ko‘chirmachilik qilganini tan olgan. Respondentlarning atigi 0,4 foizi «Sharaf kodeksi» buzilgani haqida o‘z ixtiyori bilan xabar berganini aytgan.

Universitet rahbariyati «Sharaf kodeksi» tez-tez buzilayotgan, sun’iy intellekt va ko‘chirmachilik uchun mo‘ljallangan boshqa texnologiyalar keng tarqalayotgan bir sharoitda qoidalarni qat’iylashtirish zarurati bo‘yicha ovoz berish jarayonini o‘tkazdi. Bir o‘qituvchini hisobga olmaganda, barcha pedagoglar o‘zgartirish kiritish kerakligiga rozi bo‘lishdi. 1-iyuldan boshlab pedagoglar imtihonlarni «bevosita kuzatuvchi guvoh sifatida» qatnashadilar, biroq ularning imtihonga aralashishi taqiqlanadi. O‘qituvchilar o‘zlarini shubhalantirgan narsalarni yozib olishlari va Sharaf qo‘mitasiga topshirishlari shart.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring