Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Eshak go‘shti mojarosi: endi kolbasalardan voz kechamizmi?

Eshak go‘shti mojarosi: endi kolbasalardan voz kechamizmi?

Kollaj: «Xabar.uz»

Poytaxtdagi «Sharshara» savdo belgisida kelib chiqqan mojaro ko‘pchilik iste’molchilarni hayratga solgani haqiqat. Kolbasalarga qoramol go‘shti o‘rniga eshak go‘shti qo‘shilganligi to‘g‘risidagi xabarni shunchaki qabul qilganlar, bu mahsulotning sifatiga shundoq ham shubha bilan qaraydigan hamyurtlarimiz ham talaygina. Albatta, mazkur ish bo‘yicha yakuniy bahoni huquq-tartibot organlari chiqaradilar, aybdorlar sud hukmiga ko‘ra aniqlanadi. Ammo endi oddiy bir iste’molchi sifatida bizning bu turdagi mahsulotlarga ishonchimiz qachon tiklanadi? Bugun – yangi yil bayrami eshik qoqib turgan, kolbasa va boshqa turdagi go‘sht mahsulotlariga ehtiyoj har qachongidan ham yuqori bo‘ladigan bir paytda, bozordagi vaziyat qanday, eshak go‘shti mojarosi xaridor talabiga qanday ta’sir qildi? Shu savollarga javob topishga harakat qilamiz.

Kolbasa bo‘yicha gap ketganida ko‘pchilikning ensasi qotadi va oddiygina, biroq mantiqli savol bilan masalani yopib qo‘yishga harakat qiladi – «Go‘shtning kilosi 40 ming bo‘lganda, kolbasaning kilosi qanday qilib 30 ming bo‘lishi mumkin?». Bir qarashda o‘rinli savol, axir go‘shtdan iborat bo‘lishi kerak bo‘lgan mahsulot shuncha qayta ishlovdan keyin xom ashyodan arzon bo‘lishi g‘alati-ku. Mayli, bu savolga javob toparmiz. Ammo biz — iste’molchilarni o‘ylantiradigan savollar faqat bu emas. Keling, ularni bir ro‘yxatga solamiz-da, barcha yetakchi ishlab chiqaruvchilarga taqdim qilamiz.

Ta’kidlashimiz shart — maqsadimiz qaysidir korxona mahsulotini reklama qilish, tizimning to‘kilgan obro‘sini tiklash yoki kolbasa mahsulotini targ‘ib qilish emas!

Savollar:

1. Ko‘pchilik kolbasa mahsulotlariga albatta cho‘chqa go‘shti (yoki uning ayrim elementlari) qo‘shilishi shart, yo‘qsa kolbasada kutilgan ta’mga erishilmaydi, deb hisoblaydi. Aholisining aksariyati musulmonlar bo‘lgan yurtimizda bu masala juda muhim. Bu fikrlar qanchalik asosli?

2. Oddiy dudlangan kolbasa misolida uning tarkibini mushtariylarga tushunarli tarzda keltirib o‘ta olasizmi? Eng muhimi (misol uchun aynan siz ishlab chiqargan) deylik, dudlangan kolbasa tarkibida go‘sht necha foizni tashkil qiladi? Boshqa mahsulotlarchi?

3. Albatta, bu taxminni rad etishingiz tabiiy. Lekin raqobatchingiz (bu o‘rinda «Sharshara» tovar belgisi nazarda tutilmoqda) qabul qilgan xom ashyoda mol go‘shti deya boshqa jonivorlar go‘shtlari mavjudligi aniqlangani xabar qilindi. Sizning faoliyatingizda bunday holat ro‘y berishi mumkinmi? «Yo‘q» degan javobingiz qanday choralar bilan kafolatlangan?

4. Yurtimizda kolbasa mahsulotlarini faqat tarkibiy qismlariga ko‘ra aniqlovchi laboratoriyalar mavjudligi, ammo suyagidan ajratilgan go‘shtning qanday jonivorga tegishli ekanligini aniqlaydigan tashkilotlar yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘g‘rimi? Agar to‘g‘ri bo‘lsa, aynan sizning mahsulotingizda faqat qoramol go‘shti ishlatilayotganligini qanday aniqlash (yoki tekshirish) mumkin?

5. Eshak go‘shti bilan bog‘liq mojaro sizning savdo ko‘rsatkichlaringizga qanday ta’sir qildi («ta’sir qilmadi», degan javobga kimdir ishonishi qiyin)? Yaqinlashayotgan yangi yil bayrami arafasida savdo hajmi o‘tgan yilgi darajaga chiqishiga ishonasizmi?

6. Ko‘pchilikda (xususan, ijtimoiy tarmoqlarda) bu mojaroning asl ildizi raqobatchilar urushiga bog‘liqligi aytilmoqda. Bu fikrda jon bormi? Bordi-yu bu to‘g‘ri bo‘lsa, mojaro faqat bir ishlab chiqaruvchiga emas, butun tizimga ta’sir qilmaydimi?

Endi shov-shuv ko‘targan, hamkasblarimiz «Kun.uz» sayti ijodkorlari tarqatgan shu xabar bilan bevosita qayta tanishib chiqamiz:

Toshkentdagi go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona eshak go‘shti ishlatmoqchi bo‘lgani fosh qilindi

Toshkent shahri, Olmazor tumanida joylashgan «Sharshara» brendi ostida go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi «Gold Premium Product» MChJga tegishli korxona ko‘zdan kechirilganda, 69,6 kg. eshak go‘shti boshqa go‘sht turlariga qo‘shib yuborilgani aniqlandi. Bu haqda ishonchli ma’lumotga asoslangan holda «Kun.uz» muxbiri xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.R. hamda G‘.A. rejasini amalga oshirish uchun xorazmlik S.J. orqali 69,6 kg. miqdoridagi eshak go‘shtini «Sharshara» go‘sht ishlab chiqarish korxonasiga o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Bu ishni bajarish uchun go‘sht A.A.ga yetkazib berilgan. Mazkur go‘shtni qabul qilib olgan sex ishchilari uni o‘sha zahotiyoq boshqa turdagi go‘shtlarga qo‘shib yuborishadi.

Tadbir davomida sex ko‘zdan kechirilganda, ko‘rinishi va hididan sifatsiz mahsulotga aylangan 275 kg. go‘sht mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya epidemiologiya nazorat markazi axborot xizmatining Kun.uz'ga xabar qilishicha, korxonadan olib qo‘yilgan 275 kg. go‘sht haqiqatan iste’molga yaroqsiz ekani ekspertiza xulosasi orqali tasdiqlandi.

Mazkur ish yuzasidan sex ishchilari R.G‘., N.Z., fuqaro A.A va S.J. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 186-moddasi 1-qismi, ya’ni «iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish»da ayblanib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Oradan o‘n kundan ortiq vaqt o‘tib, bosh prokuratura saytida ayni mazmundagi ruscha xabar paydo bo‘ldi. Albatta, xabar haqqoniyligi uchun shu xabar tarqatuvchisi mas’ul. Ammo bir qarashda shubhali ko‘ringan jihatlar ham borki, kishini o‘ylantirishi aniq.

Avvalo eshak ko‘pchilik o‘ylaganidek juda arzon yoki qishloqlarda har qadamda qarovsiz yuradigan jonivor emas. Qishloqda yashovchilar yaxshi bilishadi – eshak mehnati bilan turmushda ko‘p hollarda qoramol yoki qo‘ydan yaxshiroq foyda keltiradi (hatto bu borada «Eshakning go‘shti harom bo‘lsa-da, mehnati halol» degan naql yuradi). Demak, uning go‘shti ham ko‘pchilik o‘ylaganidek oson topiladigan mahsulot emas.

Ikkinchidan, xabarda bildirilganidek, bir kishining 69 kg eshak go‘shtini olib ming kilometrdan ortiq masofa naridan yo‘lga chiqishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, ishlab chiqaruvchining vakili eshak go‘shtini 13 ming so‘mdan qabul qilgan. Demak ta’minotchi bu ishdan taxminan 900 ming so‘m daromad qilishi mumkin. Xorazmdan bir kishining 70 kg yuk bilan kelib ketishi, yana shahar ichida yurishi, qolaversa, uch kun vaqt ichida yeb-ichishini taxminan hisoblasak, eng kamida 400-500 ming so‘m sarflash shartligiga guvoh bo‘lamiz. Hali eshakni topish, qanchadir pulga sotib olish, kishi bilmas so‘yish xarajatlari turibdi. Xabarda yana bu ishga bosh qo‘shganlar bir necha kishi ekanligi aytiladi. Demak, bu ishdan foyda bilan chiqishning deyarli imkoni yo‘q. O‘ta arzimas foyda uchun shu darajada tavakkalga qo‘l urgan odam borligi ham shubhali. Balki bu turdagi go‘sht ancha ko‘p miqdorda bo‘lganu, aniqlangani shunchadir.

Xabarda ishlab chiqaruvchi nomidan o‘zga biror aniq ma’lumot keltirilmagani ikkinchi taxminni ilgari surishga asos bo‘ladi. Bozor iqtisodiyotida raqobatning yo‘llari ko‘p. Sog‘lom raqobat rivojlanishga xizmat qilsa-da, vaqti-vaqti bilan bu borada qing‘irliklar ham kuzatilib turadi. Raqobatchining obro‘siga putur yetkazuvchi axborotlar tarqatish, ishlab chiqarish jarayoniga mos bo‘lmagan xom ashyo kiritish bilan sifatga ta’sir qilishga urinish ham sinalgan usullardan hisoblanadi. Albatta, aynan shunday bo‘lganini ta’kidlamoqchi emasmiz, dalillarimiz ham yo‘q. Lekin butun tizimga ta’sir qiladigan mojaro ko‘tarilgan ekan, har qanday taxminda asos bo‘lishi mumkin.

Quyida mamlakatimizdagi yetakchi ishlab chiqaruvchilarning yuqoridagi savollarga javoblarini chop etamiz. Bu savollar butun maqola bilan birga barchaga bir xil tarzda taqdim qilindi.

Tez orada ishlab chiqaruvchilardan javoblar ola boshladik. Ulardan ayrimlari o‘z ishlab chiqarish jarayoniga bevosita taklif qilgan bo‘lsalar, ayrimlari og‘zaki yoki yozma javob berish bilan cheklandilar, boshqa birlari esa mutlaqo javob berishni istamadilar.

Javoblarni olish tartibida joylashtirib chiqdik (ya’ni kim birinchi bo‘lib javob bergan bo‘lsa, shu ishlab chiqaruvchining javobi oldinda joylashdi):

«Sherin» korxonasi menejeri Oybek Sobirov bilan korxonaning ishlab chiqarish bo‘limini ko‘zdan kechirdik. Bevosita ishlab chiqarish sexiga qadar ikkita nazorat bo‘limidan o‘tish lozim. Gigiyenik talablarga rioya qilinadi, har bir xodim, har bir tashrif buyuruvchi maxsus kiyim-bosh bilangina sexga kira oladi. Shuningdek, poyabzal ham maxsus moslama yordamida tozalanadi.

Bu jarayonda tozalik juda muhim.
Foto: «Xabar.uz»

1. Kolbasa mahsulotlari haqida maqola yozarkansiz, avvalo bu mahsulot tarixiga ham nazar tashlasangiz yomon bo‘lmasdi, — deydi mezbon. — Qadimda odamlar go‘shtni saqlashning ko‘plab usullarini sinab ko‘rishgan. Aynan dudlangan kolbasa shakliga kiritish saqlash va uzoq masofalarga olib yurishda qulay bo‘lgan. Ko‘pchilik doktor kolbasalarini suyib iste’mol qiladi. Bu mahsulotning ham o‘ziga xos tarixi bor – sobiq ittifoq davrida, o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida Anastas Mikoyan tomonidan ishlab chiqilgan bu kolbasa nisbatan kamxarajatligi, hazmi yengilligi bilan ocharchilik yillarida xalqni ta’minlash uchun ommaviy tarzda ishlab chiqarila boshlangan.

Endi bevosita savollaringizga javob beradigan bo‘lsam, cho‘chqa go‘shti kolbasaga albatta qo‘shilishi shart bo‘lgan mahsulot emas. Garchi cho‘chqa go‘shti qiymati arzon bo‘lsa-da, biz ham, yurtimizdagi aksariyat yirik ishlab chiqaruvchilar ham cho‘chqa go‘shtini umuman ishlatmaymiz. Eshak go‘shti haqida hatto gapirishni ham istamayman! Chunki kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish va iste’mol qilish bo‘yicha davlatimiz rivojlanish bosqichida deb atash mumkin. Shunga qaramay, biz — yetakchi ishlab chiqaruvchilar aholimizning talabidan kelib chiqamiz va an’analarimizni hurmat qilamiz. Ko‘pchilik dudlangan kolbasalardagi oq yog‘larni cho‘chqa salasi (moyi) bilan adashtiradi. Yo‘q, bunday emas. Masalan, bizning mahsulotimizda bu ot yog‘idir.

2. Kolbasa bahosi go‘sht bahosidan arzonligi ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘pchilik bir dona kolbasaning narxini so‘raydi va darhol xulosaga keladi. Aslida hamma kolbasaning ham bir donasi bir kilogramm emas. Shu o‘rinda keyingi savolga ham o‘tishimiz mumkin. Kolbasa agar faqat go‘shtdan iborat bo‘lganida edi, qiyma shaklidagi, hazmi qiyin bir mahsulotga aylanardi. Odatdagi kolbasalarda mol go‘shtidan tashqari tovuq go‘shti (qiymati nisbatan arzon), qayishqoqlikni, namlik va yengil hazmni ta’minlovchi elementlar, turli ziravorlar qo‘shiladi.

«Kolbasada qancha go‘sht bo‘ladi?» degan aniq savolingizga kelsak, bizda kolbasa mahsulotining o‘zi turli xil va ularning har birida tarkibi aniq yozib qo‘yilgan. Biz bu tarkibga va O‘zbekiston davlat standartlariga qat’iy amal qilamiz.

3. Biz go‘shtni kushxonalardan xarid qilamiz. Kushxonalar sifatsiz yoki biz so‘ramagan jonivor go‘shtini aralashtirish imkoni mutlaq bo‘lmasligi uchun har bir kushxonaga vakillarimizni yuborganmiz va ular har bir jonivorning so‘yilishidan tortib tozalanishigacha nazorat qilishadi. Hammasi risoladagidek bo‘lganiga ishonch hosil qilinganidan keyingina maxsus muhr qo‘yishadi. O‘zimiz joriy qilgan shu talabga mos bo‘lmagan go‘shtni qabul qilmaymiz. Mana go‘shtlarimiz omborini tomosha qilib turibsiz, ularning har birida muhr mavjud va vizual nazoratda ham boshqa jonivor go‘shti ajralib qolgan bo‘lardi. Darvoqe, o‘z xonadonimizga ham go‘shtni shu kushxonalardan xarid qilamiz.

Go‘shtlar kushxonalardan sotib olinadi.
Foto: «Xabar.uz»

4. Bizda suyagidan ajratilgan go‘shtning qanday jonivorga tegishli ekanligini aniqlovchi laboratoriya borligi haqida bexabarman. Shunday shubhalardan xoli bo‘lish uchun xom ashyo qabul qilishdan tortib mahsulot tayyorlashning har bir bosqichida ishonchli xodimlarni tayinlab chiqqanmiz.

5. Savdo ko‘rsatkichlariga kelsak, aynan biz bu xabarlardan keyin pasayishni his qilmadik. Albatta, xaridorlar talabiga bu ma’lumot ta’sir qilishi tabiiy. Biz shundan sal oldinroq mahsulotlarimizning keng qamrovli targ‘ibotini boshlagandik. Chunki bizning mahsulotimiz yetib bormagan yoki ko‘pchilik tanimaydigan hududlar ham bor. Balki ana shu aksiyalarimiz ortidan o‘sish pasayishni qoplab ketgandir. Yangi yil bayrami oldidan savdo hajmining o‘sishini hamisha kuzatganmiz, hozir hammasi rejadagidek ketmoqda.

6. «Bu mojaro raqobatchilar urushining bir ko‘rinishi», degan fikrga ham qo‘shila olmaymiz.

«Ro‘zmetov» kompaniyasi direktori Furqat aka Shertayev bilan ishlab chiqarish bo‘limini tomosha qildik. Kirishda gigiyenik talabga ko‘ra so‘rovnoma to‘ldirilarkan. Bu so‘rovnomada yuqumli kasalliklarga chalinmaganlik, bunday bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lmaganlik so‘raladi. Sexga ham faqat maxsus libosda kiriladi. Ishlab chiqarish jarayonini kuzatib, savollarimizga ham javob oldik:

1. Korxonamiz 1989 yili tashkil qilingan. Turli bosqichlarni bosib o‘tdik va anchagina katta tajriba to‘pladik. Cho‘chqa go‘shti bo‘yicha mendan juda ko‘p so‘rashadi. Bu juda eski tushuncha, bu xom ashyosiz ham yaxshi natijalarga erishish yo‘llari topilgan. Biz cho‘chqa go‘shti ishlatmaymiz, kerakli yumshoqlikka erishish uchun tovuq go‘shti va terisi, qo‘y go‘shtidan foydalanamiz.

2. Mamlakatimizda yuzdan ortiq ishlab chiqaruvchilar bor. Shular orasida birinchi bo‘lib ISO:22000:2005 xalqaro sertifikatini olganmiz. Shuningdek Turkiyadan «Halol» xalqaro sertifikatini oldik, buning uchun mutaxassislar ancha vaqt faoliyatimizni tekshirishdi. Chunki mahsulotlarimiz arab mamlakatlariga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda. Ta’kidlashim joiz, O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlari, xususan, kolbasa ishlab chiqarish ancha yaxshi rivojlangan. Vatanimiz mutaxassislarini chetda ham qadrlashadi. Biz ham, boshqa hamkasblarimiz ham Uzbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi, sanitariya-epidemiologiya nazorati va «O‘zDavstandart» ishlab chiqqan me’yoriy hujjatlarga qat’iy amal qilamiz.

3. Avvalo, bu borada hatto shubha ham bo‘lishi bizga og‘ir ta’sir qiladi. Sababi, biz o‘z kushxonamizga egamiz va har bir bosqichni xodimlarimiz shaxsan kuzatib boradilar. Shuningdek, istalgan vaqtda eshiklarimiz ochiq, mahsulotlarimiz ishlab chiqarilish jarayonini kuzatish mumkin.

4. Bu savolga korxonamizda maxsus tashkil qilingan laboratoriya rahbari, fan nomzodi Xushro‘ya Mo‘minova javob bersa: — Bunday laboratoriya mavjud emas, DNK tahliliga ko‘ra aniqlaydigan laboratoriya bor, lekin u ham inson bilan bog‘liq tekshiruvlarda ishlatiladi va ancha qimmatbaho jarayon hisoblanadi.

5. Bu xabar chiqishi ortidan buyurtmalarimiz va buning ortidan ishlab chiqarishimiz ham 5-10 foizga tushdi, ammo tez orada qayta tiklandi. Hozirda oldingi yilning shu davri ko‘rsatkichlarini ortda qoldirdik, bayram arafasida yanada oshishini kutmoqdamiz.

6. Bizda raqobatchilar urushi bunday uslublarda mumkin emas, deb hisoblayman. Buning bir nechta sababi bor — avvalo barcha yirik ishlab chiqaruvchilar garchi raqobatchilar hisoblansak-da, vaqti-vaqti bilan o‘zaro aloqada bo‘lib turamiz, turli yig‘ilishlarda soha muammolarini muhokama qilamiz. Ikkinchidan, to‘g‘ri ta’kidlanibdiki, bunday mojarolardan faqat bir ishlab chiqaruvchi emas, butun soha zarar ko‘radi, xaridorning mahsulotdan ko‘ngli qoladi.

Yana bir yirik ishlab chiqaruvchi «To‘xtaniyoz ota» kompaniyasi ish yurituvchi rahbari Botir To‘xtaniyozovga savollarimizni yo‘lladik va telefon orqali javoblar oldik.

1. Cho‘chqa go‘shti bilan bog‘liq gap-so‘zlar umuman asossiz. Masalan biz 20 yildan buyon ishlayapmiz, lekin cho‘chqa go‘shti yoki uning elementlarini mutlaqo ishlatmaganmiz. O‘rniga tovuq, qo‘y, kurka go‘shti ishlatiladi, hozircha mahsulotlarimizdan ko‘nglimiz to‘lmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

2. Mahsulotlarimizda go‘sht miqdori 75-82 foizgacha, ayrimlarida 86 foizgagacha ham boradi. Lekin bu faqat mol go‘shtidan iborat emas, yuqorida aytganimdek, boshqa jonivorlar go‘shtlari ham bor.

3. Bu biz uchun eng muhim masala. Shunday shubhalardan xoli bo‘lish uchun o‘z kushxonamiz, o‘z fermer xo‘jaligimiz va fermamiz bor (bejizga mulkchilik shaklimiz fermer xo‘jaligi emas). 70 foizgacha xom ashyo o‘zimizniki. 20 yildan buyon shu tartibda ishlaymiz. Chetdan olingan qoramol ham faqat shu kushxonada so‘yiladi.

4. Bu savolingizga javob berolmayman, chunki bunday laboratoriyaga muhtoj emasmiz. Agar xom ashyo va ishlab chiqarish masalasiga qaytadigan bo‘lsak, yaqinda Rossiya ekspertlari tomonidan bizga halol sertifikati berilgan. Buning uchun faoliyatimiz 15 kun kuzatildi va yana nazorat davom etaveradi;

5. Bu voqea ishlab chiqarishimiz hajmiga ta’sir qilmadi. Sababi bizning xaridorlarimizning ko‘pchiligi ishlab chiqarishimiz jarayonini bevosita kuzatishgan, vaqti-vaqti bilan alohida ekskursiyalar uyushtirib turamiz. Yangi yil bayrami arafasida yaxshi ko‘rsatkichlarga erishishimizga ishonaman;

6. Menimcha, bu raqobatchilarning ishi emas. Sababi, barcha yirik ishlab chiqaruvchilar bir-birini shaxsan taniydi. Shaxsiy fikrim, bu mojaroda ishlab chiqaruvchini ayblolmayman. Chunki o‘zini hurmat qilgan tadbirkor bunaqa yo‘l tutmaydi. Ammo go‘sht topshiruvchilar yoki qabul qiluvchilar orasidan kimdir ataylab bunday yo‘l tutgan bo‘lishi mumkin.

Ta’kidlashimiz joizki, hamma joyda ham «ochiq eshiklar»ga duch kelmadik. Boshqa bir qator ishlab chiqaruvchilarga murojaat qilganimizda savollarimizga javob ololmadik. Xususan, «Tegen» kompaniyasiga bir necha marta yo‘llangan xatimiz javobsiz qoldi, telefon orqali o‘zini Vladimir deb tanishtirgan mas’ul xodim xatimizni o‘rganib chiqishni va’da qildi, ammo javob yo‘llamadi.

«Master delikatesov» nomida mahsulot ishlab chiqaruvchilar yanada qiziq yo‘l tutishdi. Avvaliga xatimiz yetib bormaganini ta’kidlashdi, jo‘natganimizni isbotlaganimizdan keyin esa bu masalalar bo‘yicha «O‘zoziqovqatsanoatxolding» kompaniyasiga murojaat qilishni tavsiya qildilar. Qiziq, xolding bu ishlab chiqaruvchilar uchun xom ashyo qabul qilib berarmikan yoki xolding bu mojaroni uyushtirib, o‘z nomini qora qilishi mumkinmikan?.. Bevosita o‘zlaridan javob olish istagida ekanligimizni bildirganimizdan so‘ng o‘zini Ulug‘bek Mutalov deya tanishtirgan mas’ul xodim «Bez kommentariyev» deya savollarimizni javobsiz qoldirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring