«Bizga kerak bo‘lganda ular yonimizda emas edi» – Tramp NATO haqida
AQSh prezidenti Donald Tramp NATOni tanqid qilib, alyansni AQShni yetarlicha qo‘llab-quvvatlamaganlikda aybladi.
U NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan Oq uyda uchrashuv o‘tkazganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqda «NATO bizga kerak bo‘lganda yonimizda emas edi» deya bayonot berdi.
Tramp, shuningdek, ayrim yevropalik ittifoqchilarni harbiy va siyosiy yordamni cheklaganlikda aybladi.
Ryutte esa o‘z navbatida muvozanatli pozitsiyani bildirib, barcha davlatlar o‘z majburiyatlarini bajarmaganini tan oldi, biroq ko‘pchilik Yevropa davlatlari AQShga logistika va bazalar bo‘yicha yordam berganini ta’kidladi.
Avvalroq, urush davomida ayrim Yevropa davlatlari AQSh va Isroilga hududlaridan foydalanish bo‘yicha cheklovlar joriy etgani xabar qilingandi. Jumladan, Ispaniya havo hududini yopdi, Italiya ayrim bazalardan foydalanishni cheklab qo‘ydi. Fransiya esa ma’lum shartlar asosida aeroportlaridan foydalanishga ruxsat berdi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington ayrim NATO davlatlariga nisbatan chora ko‘rishni ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, AQSh qo‘shinlarini Germaniya yoki Ispaniyadan chiqarib, Polsha va Ruminiyaga ko‘chirish varianti muhokama qilinmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday qarorlar Yevropa xavfsizlik tizimiga va Rossiya bilan munosabatlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter