Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Amerikaliklar urushga qarshi: Nega ular Tramp bayrog‘i ostida birlashmadi?

Amerikaliklar urushga qarshi: Nega ular Tramp bayrog‘i ostida birlashmadi?

AQShning Eronga hujumi Ikkinchi jahon urushidan beri Amerikadagi eng ommalashmagan urushga aylandi. Bu haqda The New Republic so‘rovnomalarga asoslanib xabar berdi.

The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, urushni qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatkichi taxminan 41 foizni, ba’zi o‘rtacha so‘rovnomalarga ko‘ra esa 38 foizni tashkil etmoqda.

Bu g‘ayrioddiy holat, chunki ilgari harbiy harakatlar boshlanganda Amerika jamiyatida «bayroq ostida birlashish» effekti, ya’ni prezident atrofida jipslashish va uni qo‘llab-quvvatlash keskin ortishi kuzatilar edi.

Siyosiy tahlilchi Pol Uoldmanning aytishicha, bu gal ayni manzara ko‘zga tashlanmayapti. U buni bir qancha omillar bilan tushuntirdi:

  • Trampning mashhurlik reytingi past — qariyb 30 foiz;
  • Oq uy ma’muriyati urush nega boshlanganini ishonarli tarzda tushuntirib bera olmadi;
  • Avvalgi urushlardan farqli o‘laroq, jamiyatni ishontirishga qaratilgan uzoq davom etgan kampaniya olib borilmadi;
  • Eron AQSh uchun bevosita tahdid tug‘dirishi haqida asosli dalillar mavjud emas.

Ayniqsa, jurnalistning Erondagi boshlang‘ich maktabning bombardimon qilinishi (u yerda 200 nafarga yaqin o‘quvchi halok bo‘lgan) haqidagi savoli yonib turgan olovga moy sepgandek bo‘ldi. Xabarlarga ko‘ra, maktabga AQShning tomagavk raketasida zarba berilgan. Tramp bunga javoban, Eron o‘z maktabini shu raketada nishonga olgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Jurnalist Amerika hukumati, hatto mudofaa vaziri ham bunday fikrda emasligini eslatdi. Tramp esa: «Men bu haqda yetarlicha ma’lumotga ega emasman. Bilishimcha, bu holat o‘rganilmoqda», deb vaziyatdan chiqib ketishga urindi.

Tahlilchilarning fikricha, so‘nggi javobi bilan Tramp o‘zi ilgari surgan talqinni puchga chiqardi va vaziyat o‘ta xunuk ko‘rinish oldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring