«Bu ikki dastur YIning mintaqa xavfsizligiga sodiqligini ifodalaydi» – Sharlotta Adrian
Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish (BOMCA) va Markaziy Osiyoda giyohvandlik moddalari tarqalishining oldini olish bo‘yicha (CADAP) dasturlari amalga tatbiq etila boshlaganiga 20 yil to‘ldi.
15 noyabr kuni shu munosabat bilan Toshkentda tashkil etilgan matbuot anjumanida YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian ushbu ikki tashabbus Bryusselning mintaqaviy taraqqiyot va xavfsizlikka sodiqligini ifodalashini ta’kidladi.
«So‘nggi yigirma yil mobaynida mazkur tashabbuslar ular amalga oshirilayotgan hududlardagi barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlab, hamkorlikni mustahkamlashda muhim rolni o‘ynadi. Eng asosiysi, YeI tomonidan moliyalashtirilayotgan mazkur dasturlar Markaziy Osiyoda islohotlarni va mintaqaviy hamkorlikni olg‘a siljishida muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda», – dedi Sh.Adrian.
Diplomat Yevropa hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bugun duch kelgan geosiyosiy tahdidlar sharoitida mazkur dasturlarning ahamiyatini yanada oshganini qayd etdi.
BOMCA dasturi 2003 yilda amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, u mintaqa davlatlari o‘rtasida chegaralar boshqaruvi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Dasturdan ko‘zlangan maqsad sarhadlarni idora etish bo‘yicha ilg‘or usullarni joriy etgan holda, Markaziy Osiyoda chegara boshqaruvi samaradorligini oshirish, pirovardida esa xavfsizlikni ta’minlash hamda iqtisodiy taraqqiyotga erishishdan iboratdir.
Dastur doirasida mintaqa davlatlariga texnik ko‘mak ko‘rsatiladi, hamkorlikda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi, seminar-trening va malaka oshirish safarlari uyushtiriladi.
BOMCA 10 dasturi koordinatori o‘rinbosari Vladimirs Zaguzovs fikricha, dastur institutsional rivojlanish bo‘yicha milliy hamkorlik idoralarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, YeI tajribalaridan kelib chiqib eng yaxshi amaliyotlarni kiritgan holda chegara, bojxona va veterinariya idoralarining ko‘nikmalarini oshirdi. Natijada chegaralar xavfsizligi, ularni boshqarish yaxshilandi, sarhadlarni kesib o‘tish vaqti qisqardi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil yozda BOMCA doirasida O‘zbekistonning bir qator davlat idoralariga texnika va maxsus jihozlar taqdim etilgan edi.
Bryussel mazkur dastur orqali mintaqa chegara xavfsizligi uchun 60 million yevrodan ziyod sarmoya kiritdi.
CADAP dasturi esa mintaqada giyohvandlik moddalariga qarshi siyosatni takomillashtirishga tizimli ravishda ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.
Dastur direktori Ernest Robello ta’kidicha, o‘tgan yillar mobaynida tajriba almashuv va xalqaro standartlarning milliy hamkorlar ishiga joriy qilinishi nafaqat giyohvandlik moddalariga qarshi siyosatni takomillashtirdi, ayni choqda, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish, taqiqlangan moddalar iste’molining oldini olish va unga tobe bo‘lib qolish natijasida xastalangan kishilarni davolash sohalaridagi salohiyatni kuchaytirdi. Dastur, shuningdek, Markaziy Osiyoda professionallarning hududiy birlashmalari va tarmoqlari yaratilishini qo‘llab-quvvatladi va ularning YeI ixtisoslashgan agentliklari bilan hamkorligini mustahkamladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter