Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1800 km.lik velopoygada sportchilarni ortda qoldirgan «Po‘lat chol»

1800 km.lik velopoygada sportchilarni ortda qoldirgan «Po‘lat chol»

1951 yilda Shvetsiyada o‘ta qiyin yo‘nalishda, juda uzoq masofani bosib o‘tish ko‘zda tutilgan velopoygaga start beriladi. Sportchilar mamlakatning eng shimoliy Xaparande shahridan eng janubiy Istade shahriga qadar bo‘lgan 1800 km masofani bosib o‘tishlari kerak edi. Mingdan ortiq velosportchilar qatoriga 66 yoshli fermer Gustav Xakansson ham qo‘shilib olganida hamma uning ustidan kuladi.

Velopoyganing talablari juda qat’iy bo‘lib, mingdan ortiq talabgor ichidan faqat 50 nafar sportchigina musobaqa ro‘yxatiga kiritiladi. 40 yoshdan oshganlar darhol qaytariladi. Xakanssonning ishtirokini esa hech kim jiddiy qabul qilmaydi.

50 ishtirokchi start nuqtasiga yetib borish uchun poyezdda jo‘nashadi. Gustav chol esa puli yo‘qligi, musobaqalarga qo‘yilmagani uchun 1500 km masofaga o‘z velosipedida yo‘lga chiqadi va poygalar boshlanishidan oldin manzilga yetib boradi. Yana uning ustidan kulishadi va hatto poyga uchun raqam berishmaydi. U o‘ziga-o‘zi raqam yozib oladi va so‘nggi poygachi yo‘lga chiqib ketishi bilan shalog‘i chiqqan velosipedida harakatlanishni boshlaydi.

Gustav chol poygada rasman qatnashmayotgani uchun qoidalardan ham bexabar edi va o‘z holicha ketaveradi. Hamma poygachilar sutkaning ma’lum qismida uxlash va ovqatlanish uchun to‘xtaganlarida chol yo‘l-yo‘lakay ovqatlanadi. Uxlash uchun esa u faqat uchinchi kuni to‘xtaydi va uch soatgina dam olish bilan cheklanadi.

Tez orada Gustav Xakansson yetakchilar safiga qo‘shilib oladi va jurnalistlar unga e’tibor qila boshlaydi. Gazetalar ko‘ksiga «0» raqamini yozib olgan quvnoq chol suratini chop etishadi va u hammaning diqqat markaziga tushadi. Bir necha kundan keyin uning yo‘liga minglab odamlar gullar ko‘tarib chiqishadi va safga tizilib, velosiped minib katta yo‘lda yolg‘iz o‘zi ketayotgan Gustavni olqishlashadi.

Poyga hali davom etarkan, haqiqiy sportchilar qolib, hamma Gustav Xakanssonni tomosha qila boshlaydi va uni «Stålfarfar» yoki «Po‘lat bobo» deya alqashadi. Poyganing to‘rtinchi kunida u o‘z kundaligiga shunday so‘zlarni yozadi: «Men hayotimda hech qachon o‘zimni hozirgidek yaxshi his qilmaganman. Mamlakatimiz odamlari qanday yaxshi, qizlarimiz qanday go‘zal...».

Yo‘lda uni politsiya to‘xtatadi va shifokor ko‘rigidan o‘tishini so‘raydi. Uni tekshirgan shifokorlar yelka qisishadi – Gustav chol mutlaqo sog‘lom bo‘lib, poygada rasman qatnashishi ham mumkin edi.

Gustav Xakansson belgilangan masofani 6 kun, 14 soat va 20 daqiqada bosib o‘tadi va manzilga poyganing rasmiy g‘olibi Lennart Xortvalldan 24 soat oldin yetib keladi. Yo‘l davomida u bor-yo‘g‘i 10 soat uxlaydi. Gustav finishga ertaroq kelishi ham mumkin edi. Ammo manzilga bir necha o‘n km qolganida 3 ming km.dan ortiq yo‘l bosgan eski velosiped pand beradi. Yorilgan g‘ildirakka mos kameralar topilmaydi va chol qolgan masofani piyoda bosib o‘tadi. Faqat finish yoniga kelib velosipedga minadi va bitta g‘ildirak bilan chiziqni bosib o‘tadi.

Po‘lat boboni u yerda o‘n minglab muxlislar olqishlar kutib olishadi. Hamma unga gullar va sovg‘alar tutqizar va birga suratga tushishga oshiqardi. Poyga yakunlangandan keyingi kuniyoq chol Shvetsiya qiroli Gustav VI Adolf tomonidan qabul qilinadi. Qirol mamlakat qahramoni bilan shaxsan tanishish uchun kun tartibini o‘zgartiradi.

Ammo poyga hakamlari shundan keyin ham Gustav Xakanssonning g‘alabasini tan olishmaydi. Chunki yuqorida aytilganidek u poygalarda rasman ishtirok etmagan, allaqanday cholning shaloq velosiped bilan professional poygachilarni ortda qoldirgani sharmandalikning o‘zginasi edi.

Biroq endi Xakanssonga rasmiy g‘alaba muhim emasdi. Butun Yevropa uning qahramonligidan hayratlanar, Gustav har kuni yuzlab xatlar, sovg‘alar va hatto katta pullar olardi. Xatlarning birida shunday deyilgandi: «Men siz bilan tengdoshman. Shu paytgacha o‘zimni umri poyoniga yetgan chol hisoblardim. Ammo siz meni hayotga qaytardingiz. Men o‘zimni yosh va sog‘lom his qilmoqdaman. Yaratgan sizni yarlaqasin».

Gustav reklamalarda suratga tushadi va yaxshigina mablag‘ ishlay boshlaydi. Volvo kompaniyasi tomonidan uyushtirilgan poygalarda ishtirok etadi. Ularda g‘olib bo‘la olmasa-da, yaxshigina natija ko‘rsatadi.

1959 yilda, ya’ni 74 yoshga to‘lganida u yana velosipediga o‘tirib, butun Yevropa bo‘ylab yurish va Isroilga borish uchun yo‘lga chiqadi. U minglab kilometr masofani ortda qoldiradi hamda Iordan daryosi bo‘ylab yurib Quddusga yetib boradi.

Qaytganidan keyin ham o‘z vatani bo‘ylab velosayohatlarini davom ettiradi va endi uning yana bir qirrasi ochiladi. Gustav Xakansson yo‘l bo‘ylab qo‘shiq aytib yurishni odat qiladi. Uning ovozi jarangdor va yoqimliligi uchun turli tadbirlarga taklif qilishadi. Gustavning qo‘shiqlari plastinkalarga yoziladi va u hatto «studiyada ovoz yozgan eng keksa xonanda» sifatida qayd qilinadi.

Ma’lum muddat u shunchaki yurishni foydali mehnatga aylantirish uchun pochtachilik ham qiladi va velosipedida xatlar tarqatib yuradi.

98 yoshigacha u egardan tushmaydi, qo‘shiq aytishni esa 100 yoshigacha davom ettiradi. Gustav Xakansson 100 yoshida aytgan qo‘shiqlari jamlangan qo‘shiqlari to‘plamini qirolga sovg‘a qiladi.

Uning sevimli xotini, doim qo‘llab-quvvatlab kelgan umr yo‘ldoshi Mariya 105 yoshda vafot etadi. Xotinining o‘limini og‘ir qabul qilgan Gustav Xakansson yana bor-yo‘g‘i bir yil yashaydi va 1987 yilda, 102 yoshida olamdan ko‘z yumadi.

Abror Zohidov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring