Aliyev Rossiyani Ukrainadagi elchixonaga zarba berishda aybladi
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Rossiyani Kiyevdagi Ozarbayjon elchixonasiga uch marta zarba berishda aybladi.
Undan Rossiyaning Ukrainaga hujumlari davomida ozarbayjon kompaniyalariga tegishli energetika ob’yektlari ham zarar ko‘rayotgani haqida Vladimir Putin bilan gaplashgan-gaplashmagani so‘ralgan.
Aliyevning aytishicha, bundan tashqari, Kiyevdagi Ozarbayjon diplomatik vakolatxonasiga ham uch marta zarba berilgan.
«Birinchi hujumdan keyin biz buni tasodif deb hisoblashimiz mumkin edi. Biz Rossiyadagi hamkasblarimizga barcha diplomatik ob’yektlarimizning aniq koordinatlarini taqdim etdik – konsullik bo‘limi, madaniy markazlar va elchixona manzillarini. Shunga qaramasdan, yana ikki marta hujum bo‘ldi. Demak, bu diplomatik vakolatxonaga qasddan qilingan hujum edi», – dedi Aliyev.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa Aliyevning bayonotlari «haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini» bildirdi.
Rossiya tashqi siyosat idorasi ma’lum qilishicha, 2025 yil noyabr oyida Moskvadagi Ozarbayjon elchisiga Kiyevdagi diplomatik missiya binolari va hududiga yetkazilgan zarar uchun «chin dildan afsus» bildirilgan. Rossiya tomoni bu holatni Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimining «noto‘g‘ri ishlashi» bilan izohlagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter