AQSh bojlaridan Xitoy va Braziliya eng katta foyda oladi – FT
AQSh tomonidan joriy etilgan yangi 15 foizlik global bojlardan eng katta foyda oladigan davlatlar Xitoy va Braziliya bo‘lishi mumkin.
AQSh prezidenti Donald Tramp barcha davlatlar uchun avval joriy etilgan 10 foizlik import bojlarini 15 foizga oshirishini ma’lum qildi. Financial Times gazetasining yozishicha, yangi qaror ayrim davlatlar uchun amalda boj yukining kamayishiga olib keladi.
Tahlillarga ko‘ra, Braziliya uchun o‘rtacha boj yuki 13,6 foiz bandiga kamayadi. Xitoy uchun esa 7,1 foiz bandiga pasayadi.
Shu bilan birga, AQShning an’anaviy ittifoqchilari ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin. Ya’ni, Buyuk Britaniya uchun o‘rtacha bojlar 2,1 foizga, Yevroittifoq uchun esa 0,8 foizga ko‘tariladi. Yaponiya ham yangi yig‘imlardan jiddiy ta’sir ko‘rishi kutilmoqda.
Gazetaga ko‘ra, Vetnam, Tailand va Malayziya ham yangi tariflar sharoitida yutuqqa ega bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, ushbu davlatlardagi kiyim-kechak, mebel, o‘yinchoq va plastik mahsulotlari ishlab chiqarish sohalari foyda ko‘rishi ehtimol qilinmoqda.
Ayni paytda AQSh Oliy sudi favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun prezidentga import bojlarini mustaqil joriy etish huquqini bermasligini tan oldi. Tramp sud qarorini «sharmandalik» deb atab, o‘zida «zaxira reja» mavjudligini bildirgan.
Shu tariqa, yangi tarif siyosati nafaqat iqtisodiy, balki huquqiy va siyosiy bahslarga ham sabab bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, AQSh Oliy sudi Donald Trampning milliy favqulodda vaziyatlar uchun mo‘ljallangan federal qonun asosida joriy etgan tariflariga qarshi qaror chiqargani aytilgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter