Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh Margarita Simonyan va uning maslakdoshlariga sanksiya joriy qildi

AQSh Margarita Simonyan va uning maslakdoshlariga sanksiya joriy qildi

AQSh «Rossiya segodnya» Putinning izni bilan dezinformatsiya faoliyati olib bormoqda deb hisoblaydi.

Foto: TASS

AQSh moliya vazirligi «Rossiya segodnya» media guruhi va uning «Novosti», RT, Ruptly, Sputnik kabi sho‘’ba korxonalariga nisbatan sanksiya joriy qildi.

«Rossiya segodnya» bosh muharriri Margarita Simonyan, uning o‘rinbosarlari Yelizaveta Brodskaya, Andrey Kiyashko va Anton Anisimov ham «qora ro‘yxat»ga kiritilgan.

Vashington fikricha, Kreml o‘z media loyihalari orqali AQShdagi joriy prezidentlik sayloviga ta’sir ko‘rsatishga, xususan, amerikaliklarning saylov jarayoniga ishonchini so‘ndirishga urinmoqda.

O‘tgan yili AQSh rasmiylari Rossiya razvedkasiga aloqador shaxslar Moldovada ommaviy namoyishlar o‘tkazish orqali hukumatni ag‘darish va davlat tepasiga kremlparast ma’muriyatni keltirishni ko‘zlayotganidan ogohlantirgan edi.

Bu gal ham Vashington ma’muriyati Rossiya o‘z axboriy resurslari orqali Moldova, shuningdek, Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotganiga e’tibor qaratgan.

AQSh adliya vazirligi ham bir qator rossiyalik shaxslarga qarshi ayblov e’lon qilgan. Jumladan, «Rossiya segodnya» media guruhining raqamli loyihalar menejeri Konstantin Kalashnikov va medialoyihalar bo‘limi xodimasi Yelena Afanaseva noqonuniy ravishda pul «yuvgani» aytilmoqda. Qayd etilishicha, ular AQShda Rossiya manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan videoroliklar tarqatish uchun qariyb 10 million dollar sarflagan.

AQSh krelmparast deb hisoblanadigan RaHDit hakerlar guruhi va uning rahbari, sobiq maxsus xizmat ofitseri Aleksey Gerashchenkoga ham moliyaviy jazo qo‘llagan.

«Rossiya davlati tomonidan dastaklanayotgan sub’yektlar Qo‘shma Shtatlar institutlari va saylov jarayonlariga nisbatan ishonchni so‘ndirish maqsadida sun’iy intellekt yordamida soxta va yolg‘on ma’lumotlar tarqatish kabi usullarni anchadan buyon qo‘llab kelmoqda. 2024 yil boshidan buyon RTning rahbar xodimlari yana bir qabih ishga qo‘l urdi», – deyiladi moliya vazirligi bayonotida.   

Davlat departamenti esa «Rossiya segodnya» va uning sho‘’ba korxonalarini xorijiy agentlar ro‘yxatiga kiritgan.

Qo‘shma Shtatlar rasmiylariga ko‘ra, Kreml joriy yil 5 noyabrdagi prezident saylovida Ukrainaga moliyaviy ko‘makni to‘xtatish tarafdori bo‘lgan Donald Tramp g‘alaba qozonishini istaydi. Dezinformatsiya kampaniyasi ham shu maqsadga yo‘naltirilgani aytilmoqda.

Oq uy rasmiy vakili Jon Kirbi «Rossiya segodnya» media guruhi prezident Vladimir Putin izni bilan shunday faoliyat olib bormoqda deb hisoblaydi.

Joriy yil may oyida AQSh milliy razvedka xizmati rahbari Evril Heyns  Rossiyani Qo‘shma Shtatlar prezidentlik saylovi jarayonida «eng faol xorijiy tahdid» deb atagan edi.

«Rossiya segodnya» davlat axborot agentligining buyuk davlatchilik g‘oyasini targ‘ib etuvchi bosh muharriri Margarita Simonyan avvalroq sobiq Ittifoq davlatlarining mustaqilligini ham shubha ostiga olgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring