AQSh omborlaridagi tonnalab insonparvarlik ko‘magi yo‘q qilinmoqda. Cabab nima?

Prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) tugatilishi ortidan mamlakat va xorijdagi omborlarda 60 ming tonnadan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilmay qolib ketdi. Dunyodagi och-nahor aholiga atalgan insonparvarlik ko‘magining bir qismi allaqachon iste’mol muddati o‘tib yaroqsiz holga kelgan. Bu haqda “The Washington Post” gazetasi xabar berdi.
Masalan, Jorjiya shtatidagi omborda 50 million dollarlik yeryong‘oq pastasi saqlanmoqda. Muddati o‘tgani sababli Sudan kabi ochlik keng yoyilgan mamlakatlar bolalari qornini to‘ydirish uchun xarid qilingan mahsulotning bir qismi yo‘q qilindi.
“Ulkan miqdorda mahsulot yig‘ilib qolgan. Barchasi uchun shartnoma tuzilgan. Mahsulot uchun pul to‘liq to‘langan. Ammo ularni olib ketadigan odam yo‘q”, – deydi “Mana Nutrition” kompaniyasi vakili Devid Todd Harmon.
Afg‘oniston va Pokiston bolalari uchun hozirlangan, ammo muddati o‘tgan yuqori kaloriyali 500 tonna pecheneni ham yoqib yuborishga qaror qilindi. Buncha miqdordagi pechene bilan bir hafta davomida 1,5 mln bolaning qornini to‘yg‘azish mumkin.
“Bu mahsulotlar amerikalik soliq to‘lovchilar tomonidan omborlarda saqlash yoki yoqib yuborish uchun emas, balki odamlarning hayotini saqlab qolish uchun sotib olingan”, – deydi AQSh demokratik partiyasi vakili, senator Jinn Sheyxin.
Jibuti, JAR, BAA kabi mamlakatlar hamda Hyuston shahridagi omborlarda ham 66 ming tonnaga qadar oziq-ovqat g‘amlangan. Bu oziq-ovqatlar bir milliondan ziyod aholini uch oy davomida boqish uchun yetadi.
AQSh davlat departamenti muammoni hal etishga va’da bergan. Jumladan, BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturiga Afrika mamlakatlari va Haitiga yetkazish uchun 12 ming tonna oziq-ovqat ajratilgan. Ammo
ekspertlar insonparvarlik ko‘magini yetkazish byurokratik tartiblar sabab cho‘zilishidan ogohlantirmoqda.
USAID dunyodagi eng yirik ko‘mak jamg‘armalaridan biri bo‘lib kelgan. Yillik budjeti qariyb 40 mlrd dollarni tashkil qiluvchi agentlik tizimida dunyo bo‘ylab 10 mingga yaqin xodim faoliyat yuritgan.
Tramp AQSh prezidenti sifatida faoliyatga kirishgan ilk kunlardayoq chet mamlakatlarga yordam dasturlarini muzlatishga farmon berdi. Bu taqiq ortidan USAID loyihalari ham to‘xtab qoldi.
Agentlikni “bir to‘da aqlsiz radikallar” idora etayotganini aytgan Tramp rahbariyatni iste’foga chiqargan.
Davlat kotibi Marko Rubio “milliardlab dollarlar Vashington milliy manfaatlariga mos kelmaydigan maqsadlarga sarflangan”ini aytgan.
Shu tariqa Tramp ma’muriyati joriy yil 1 iyul kuni USAID’ni butunlay tugatdi. Agentlikning deyarli barcha xodimlari ishdan bo‘shatildi, asosiy dasturlari yopildi.
Xalqaro gumanitar tashkilotlar USAID’ning jahondagi ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qolgan dasturlari yopilganidan xavotir bildirmoqda.
Tahlillarga qaraganda, USAID’ning OITSga qarshi kurash loyihalari doirasida 25 million kishining hayoti saqlab qolingan, 5,5 million chaqaloq ushbu xastaliksiz dunyoga kelgan. Ayni paytda dunyo bo‘ylab 20 million kishi muolaja olmoqda. BMT ekspertlari agar Vashington OITSga qarshi kurash dasturini moliyalashtirishni to‘xtatsa, 2029 yilga borib 6,3 million kishi ushbu xastalikdan o‘lishidan ogohlantirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter