AQSh shimoli-sharqida kuchli qor bo‘roni: 60 million kishi xavf ostida
AQSh shimoli-sharqiy sohillariga kuchli qor bo‘roni yopirildi, deb xabar berdi NBC News.
Milliy meteorologiya xizmati ko‘plab hududlarda qor qalinligi 60 santimetrga yetishi mumkinligidan ogohlantirdi. Sinoptiklar, shuningdek, tezligi soniyasiga 31 metrgacha yetadigan kuchli shamol va Atlantika sohillarida suv toshqinlari bo‘lishini prognoz qilmoqda.
Delaver, Massachusets, Nyu-York, Nyu-Jersi, Pensilvaniya va Rod-Aylend shtatlarida favqulodda holat e’lon qilindi.
Tabiiy ofat zonasida 60 milliondan ortiq aholi yashaydi. Nyu-York meri Zohran Mamdani shaharda dushanba kuni tushga qadar muhim bo‘lmagan transport vositalarining harakatini taqiqlagan edi. Shuningdek, shahardagi davlat maktablari yopilib, ularning ba’zilarida aholi uchun isinish punktlari tashkil etildi.
«Power Outage» servisi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda AQShda 250 mingdan ortiq oila elektr ta’minotisiz qolgan. Noqulay ob-havo tufayli dam olish kunlari AQSh shimoli-sharqida 23 mingdan ortiq aviareyslar kechiktirilgan yoki bekor qilingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter