Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQShda mudofaa vaziriga impichment tashabbusi ilgari surilyapti – Axios

AQShda mudofaa vaziriga impichment tashabbusi ilgari surilyapti – Axios

Foto: Al Drago/UPI

AQSh Kongressida demokratlar mudofaa vaziri Pet Xegsetga nisbatan impichment e’lon qilish tashabbusi bilan chiqdi. Tegishli rezolyusiya yaqin kunlarda taqdim etilishi kutilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, Xegsetga nisbatan jami 6 ta ayb ilgari surilgan. Ular orasida vakolatni suiiste’mol qilish, xalqaro urush qoidalarini buzish, maxfiy ma’lumotlar bilan ehtiyotsiz munosabat va Kongress nazoratiga to‘sqinlik qilish kabi jiddiy holatlar bor.

Ayblovlarning asosiy qismi AQShning Eronga qarshi harbiy harakatlari bilan bog‘liq. Demokratlar vazirni Kongress roziligisiz zarbalar berganlikda, shuningdek tinch aholi orasida qurbonlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan qarorlarni ma’qullaganlikda ayblamoqda.

Shuningdek, u maxfiy harbiy ma’lumotlar bilan bog‘liq mojaro — «Signalgate» ishi*da ham jiddiy xato qilganlikda gumon qilinmoqda. Unda yuqori lavozimli amaldorlar ishtirok etgan yopiq chatga jurnalist tasodifan qo‘shib qo‘yilgani aytilgan.

Yana bir ayblovga ko‘ra, Xegset Kongressga harbiy operatsiyalar haqida to‘liq ma’lumot bermagan va ayrim holatlarni yashirgan.

Bundan tashqari, demokratlar uni armiyani siyosiy maqsadlarda qo‘llashda va Qurolli kuchlar betarafligiga putur yetkazishda ayblamoqda.

Hujjat Kongressda muhokama qilinishi kutilyapti, ammo mutaxassislar fikricha, hozirgi siyosiy vaziyatda impichment qabul qilinishi ehtimoli juda past.

Pentagon esa bu ayblovlarni qat’iy rad etdi. Pentagon vakillari mazkur tashabbusni «siyosiy shou» va jamoatchilik e’tiborini boshqa masalalardan chalg‘itishga urinish deb baholamoqda.
__________________________

*«Signalgate» ishi bu – 2025-yilda chiqqan mojaro bo‘lib, unda yuqori lavozimli amerikalik amaldorlarning maxfiy harbiy masalalar muhokamasi chatiga tasodifan jurnalist qo‘shib yuborilgan. Chatda harbiy operatsiyalar haqida gaplar bo‘lgan va jurnalistning chatga qo‘shib qo‘yilishi xavfsizlik qoidalari buzilishi deya baholangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring