Arab olamida ilk bor: Saudiya yana bir yirik loyihani amalga oshirmoqchi

Saudiya Arabistoni TROJENA deb atalgan turistik shaharcha qurilishi rejasini e’lon qildi. Bu, issiq iqlimli mintaqadagi ilk yirik tog‘-chang‘i dam olish hududi bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi shaharcha kelajak shahri deb atalayotgan NEOM hududida barpo etiladi.
«TROJENA jahon tog‘ sayyohligida yangi davrni boshlab beradi. Mazkur tog‘-chang‘i dam olish hududi mutlaqo yangi ko‘rinishda bo‘lib, ekoturizm tamoyillariga ko‘ra barpo etiladi. Ushbu loyiha tabiatni muhofaza qilish hamda Saudiya Arabistonining 2030 yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ko‘zda tutilgan hayot darajasini oshirish bo‘yicha maqsadlarga to‘liq mos keladi», – deydi loyihani taqdim etgan Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon.
Qayd etilishicha, yuqori texnologiyalardan foydalangan holda jazirama va cho‘l iqlimi hukmron mintaqada misli ko‘rilmagan tog‘-chang‘i dam olish hududi quriladi. Qizil dengizning moviy sohili, purviqor tog‘lar va tillorang sahro – betakror tabiat uyg‘unligidagi yangi maskan 2026 yilda bitkazilishi ko‘zda tutilgan. 2030 yilga borib TROJENA hududida yiliga 700 ming nafarga qadar sayyoh kelishi rejalashtirilgan. Yirik loyiha doirasida 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi va bir necha yil ichida mamlakat YaIMga bir necha milliard daromad qo‘shilishi kutilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, chang‘i trassalaridan tashqari tog‘ yonbag‘rida «Alp uylari» ham bunyod etiladi. Bu borada zamonaviy me’morchilikning ilg‘or usullariga murojaat etiladi.
Saudiya Arabistoni hukumati so‘nggi yillarda asosan energetikaga tayangan mamlakat iqtisodiyotini isloh etish, ilg‘or texnologiyalar hamda ilm-fan yutuqlariga asoslangan sanoat yo‘nalishlarini barpo etishga e’tibor qaratmoqda. Bu borada «Nigoh–2030» dasturiy hujjati qabul qilingan.
Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon 2017 yilda ilgari surgan NEOM loyihasi ham aynan «Nigoh–2030»ning tarkibiy qismlaridan biri sanaladi. Mamlakatning shimoli-g‘arbida barpo etiladigan yangi shahar texnologik va turistik markaz – sahro bag‘ridagi mo‘’jiza bo‘lishi kutilmoqda. Bu maqsadda Davlat investitsiya jamg‘armasidan 500 milliard dollar ajratilishi belgilangan. Kelajak shahri, intellektual markaz deb atalayotgan NEOM dunyo ilm-fanining so‘nggi yutuqlariga asoslanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter