Bashar Asad mamlakatni tark etdi. Bosh vazir hukumatni topshirish haqida bayonot berdi
Suriya prezidenti Bashar Asad Damashqni noma’lum yo‘nalishda tark etdi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi suriyalik ikki yuqori martabali zobitga tayanib.
Qarorgohi Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi ham Damashq aeroportidan havoga ko‘tarilgan xususiy samolyotda Asad bo‘lishi mumkinligini aytdi. Monitoring guruhiga ko‘ra, aeroportda bo‘lgan hukumat qo‘shinlari prezident jo‘nab ketganidan keyin evakuatsiya qilingan.
Suriya rasmiylari isyonchilar Damashqqa bostirib kirgani haqidagi xabarlarga hozircha izoh bermagan.
Suriya bosh vaziri Muhammad G‘ozi al-Jaloliy Suriya xalqi tanlagan har qanday rahbariyat bilan hamkorlik qilishga va hokimiyatni «o‘tkazish» uchun har qanday choralarni ko‘rishga tayyorligini aytdi, deya xabar bermoqda «Al Arabiya».
«Bu davlat oddiy davlat, qo‘shnilari va butun dunyo bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatadigan davlat bo‘lishi mumkin, lekin bu masalani Suriya xalqi saylagan har qanday rahbariyat hal qilishi kerak bo‘ladi. Biz u bilan barcha mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarni ta’minlash uchun hamkorlik qilishga tayyormiz», — dedi hukumat rahbari Facebook orqali suhbat chog‘ida.
U «Suriya davlatining barcha institutlarini» saqlab qolishga chaqirdi va davlat ishlarini davom ettirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytdi.
Shu bilan birga, al-Jaloliy hech qanday mansab va imtiyozlarga muhtoj emasligini ta’kidlab, o‘z uyida ekanligiga va uni tark etish niyatida emasligiga ishontirdi.
AFPning isyonchilar yetakchisiga tayanib xabar berishicha, Damashqdagi hukumat muassasalari hokimiyat rasman topshirilgunga qadar bosh vazir nazorati ostida qoladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter