Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Britaniya razvedka xizmati oyoqqa turdi. Rus josuslari fitna hozirlayotgani aytilmoqda

Britaniya razvedka xizmati oyoqqa turdi. Rus josuslari fitna hozirlayotgani aytilmoqda

Buyuk Britaniya maxsus xizmatining bosh qarorgohi.

Foto: Claudio Divizia/Dreamstim

Buyuk Britaniya tashqi razvedka xizmatining 100 ga yaqin xodimi Londondan Shotlandiyaga safarbar qilindi. «Daily Express» nashri xabariga ko‘ra, ingliz maxsus xizmati Rossiya josuslari fitna hozirlayotganidan xavotirda.

Britaniya hukumati Shotlandiya poytaxti Glazgo shahriga 1500 ga yaqin davlat xizmatchilarini yo‘llagan. Bundan ko‘zlangan maqsad rasman shotland zaminidagi ijtimoiy masalalarni hal etishga ko‘maklashish ekani aytilgan. Aslida esa ularning 100 ga yaqin MI6 – tashqi razvedka xizmati xodimlari sanaladi.

Rasmiy Londonga ko‘ra, Shotlandiyada rus josuslarining faollashgani kuzatilmoqda.

Gap shundaki, ingliz hukumati global tahdid kuchayib borayotgani vajidan yadro kallaklari sonini 180 tadan 260 tagacha oshirmoqchi. Shu sabab Shotlandiya hududida joylashgan Klayd (Fasleyn) harbiy-dengiz bazasiga rus josuslarining qiziqishi kuchaygan.

Kiberxavfsizlik va razvedka masalalari bo‘yicha tadqiqotchi Denni Stid hozirgi murakkab sharoitda razvedkachilar guruhining Glazgoga safarbar etilishini mantiqan to‘g‘ri qaror deb baholagan.

«Ruslar ko‘pdan buyon Shotlandiyada agentlar yollashga harakat qilib kelmoqda. Chunki u yerda (Britaniyaning) muhim yadro kuchlari joylashgan. Glazgodan 80 km masofadagi Fasleyn bazasi rus razvedkasining asosiy nishonlari sirasiga kiradi», – deydi D.Stid.  

Qayd etilishicha, Rossiya maxsus xizmati ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda mahalliy aholi orasidan xabarkashlar yollashga urinmoqda.

Rossiya bo‘yicha ekspert Jeyd Makglinnga ko‘ra, rus razvedkasi Shotlandiyadagi mustaqillik uchun urinishlarni ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Ushbu maqsadda ijtimoiy tarmoqlarda dezinformatsiya tarqatishga zo‘r berilmoqda.

«Rossiya mavjud ziddiyatdan foydalanib Britaniyani zaiflashtirmoqchi. Mazkur mamlakat gibrid urushning turli vositalarini istifoda etgan holda, ixtilofni yanada kuchaytirish va yangi-yangi ziddiyatlarni yuzaga keltirishga urinayotganidan xabardormiz. Maqsad aniq: Britaniyani kuchsizlantirish va Moskvaga qarshi kurashish salohiyatidan mahrum etish», – deydi doktor Makglinn.

2020 yil iyul oyida Buyuk Britaniya parlamentining xavfsizlik va razvedka faoliyati bo‘yicha qo‘mitasi Rossiyani qirollik ichki siyosatiga aralashuvda ayblab chiqqan edi.

Qonunchilik idorasi tomonidan e’lon qilingan hisobotda Rossiya Buyuk Britaniyaga barcha jabhalarda tahdid soluvchi raqib deb atalgan.

Ingliz deputatlariga ko‘ra, Rossiya G‘arbda birinchi navbatda Buyuk Britaniyani asosiy razvedka nishoni deb biladi. Bu esa qirollikning AQSh bilan juda yaqin do‘stona munosabatda ekani va London aksilrossiya markazlaridan biriga aylangani bilan izohlanadi. 

Avval xabar berganimizdek, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligida mas’ul vazifani bajarib kelgan Richard Mur o‘tgan yilning kuzidan  maxfiy razvedka xizmatiga (MI6) rahbar etib tayinlandi. Josuslik idorasining yangi boshlig‘i zimmasiga Rossiya va Xitoy tahdidiga qarshi munosib kurashish vazifasi ham yuklangan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring