Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chaqaloqlarga qarshi tanklar: G‘azo shifoxonalaridagi dahshatlar (foto)

Chaqaloqlarga qarshi tanklar: G‘azo shifoxonalaridagi dahshatlar (foto)

Erta tug‘ilgan chaqaloqlar. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dori-darmon va energiya yetishmayapti.

Foto: ALHA DATH

G‘azo sektoridagi asosiy shifoxonalar halokat yoqasida. Dori-darmonsiz, suvsiz, elektrsiz bemorlar, jumladan, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar ota-onalari va tibbiyot xodimlarining ko‘z o‘ngida vafot etmoqdalar. Vaziyat o‘nglanmasa tibbiyot muassasalari ommaviy qabristonga, ko‘chalar esa boshpanaga tirik qaytish imkonsiz bo‘lgan joyga aylanadi.

G‘azo sektori janubidagi shifoxonalar yoqilg‘i tanqisligi tufayli ishlamay qoldi. Eng yirik shifoxona «Al-Shifo» majmuasi Isroil armiyasi va HAMAS o‘rtasida bir necha kundan beri davom etayotgan qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar markazida.

FOTO: MOHAMMED TALATENE/ZUMAPRESS.COM/GLOBALLOOKPRESS

Og‘ir jarohatlangan bemorlar va erta tug‘ilgan chaqaloqlar yonilg‘i taqchilligidan kelib chiqqan elektr muammolari tufayli bo‘g‘ilishdan vafot etmoqda.

«Biz butunlay qamaldamiz. Bu to‘liqligicha fuqarolik hududi. Kasalxonada faqat shifoxona muassasasi xodimlari, bemorlar, shifokorlar va boshqa tinch aholi vakillari bor. Kimdir buni to‘xtatishi kerak», — deydi telefon orqali shifoxona jarrohi doktor Ahmad Al-Mohallatiy.

G‘azo sektoridagi «Al-Ahli» shifxonasida bo‘lgan portlashda yuzlab falastinliklar halok bo‘lganidan so‘ng, bemorlar «Al-Shifo» shifoxonasida qabul qilinmoqda. FOTO: ADEL AL HWAJRE/KEYSTONE PRESS AGENCY

Bugun, 14 noyabr kuni «Al-Jazira» nashri shifoxonaning kirish qismi Isroil armiyasi tomonidan to‘liq qamalda bo‘lgani, u yerda hamon yuzlab bemorlar saqlanishi haqida xabar berdi. Ko‘ngillilar shifoxona majmuasi hovlisida to‘plangan jasadlarni olib chiqa olishmayapti. Jasadlar oziq-ovqat izlab ko‘cha-ko‘yda daydib yurgan itlarga yem bo‘lish ehtimoli vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.

«Ular suv zahiralarini, ular suv quduqlarini bombardimon qilishdi, kislorod nasosini ham yo‘q qilishdi. Ular shifoxonadagi hamma narsani ishdan chiqarishdi. Shunday qilib, biz omon qolishimiz dargumon. Hammaga aytamiz: shifoxona endi bemorlarni davolash uchun xavfsiz joy emas. Biz bemorlarni shu yerda ushlab, ularga zarar yetkazmoqdamiz», — deya qo‘shimcha qildi doktor Ahmad Al-Mohallatiy.

Isroil armiyasi so‘nggi 24 soat ichida 200 ga yaqin obektlarga hujum qilgan. FOTO: ALARABIYA

G‘azo shimolidagi shifoxona shifokorlari Isroil armiyasi tomonidan chiqarilgan majburiy evakuatsiya buyrug‘ini bajarishdan bosh tortdi, chunki ular 700 ga yaqin yuqori xavfdagi bemorlarni tashishda ular halok bo‘lishidan qo‘rqishdi. Bundan tashqari, G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligida odamlarni tashish uchun kerakli miqdordagi tez yordam mashinalari yo‘q.

Bunday jajji bemorlarni ko‘chirib olib ketish mumkin emas. Foto: ABED RAHIM KHATIB APAIMAGES/ZUMAPRESS.COM

G‘azo sektoridagi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh direktori doktor Munir Al-Bursh «muammo shifokorlarda emas, balki bemorlarda» ekanligini tasdiqladi.

«Ularni tashlab ketsang, o‘ladi, olib ketsang ham yo‘lda o‘ladi. Bu muammo. Gap 700 nafar bemor haqida ketmoqda, — tushuntiradi Munir Al-Bursh.

O‘z navbatida, AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar ittifoqdoshi Isroil bilan muzokaralarda G‘azo sektoridagi shifoxonalar masalasini ko‘targan.

«Biz kasalxonalarda janglar borishini ko‘rishni xohlamaymiz. Biz bemorlar himoya qilinishini istaymiz», — dedi Sallivan 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Taxminan 1,6 million falastinalik G‘azoning shimoliy hududlaridan janubiga ko‘chirib kelingan, bu yerda minglarcha odamlar dahshatli sharoitlarda tutib turilibdi, na suv, na yegulik, na oziq-ovqat bor. Foto: ALARABIYA

Hamas Sog‘liqni saqlash vazirligi bugun rasman e’lon qilishicha, «Al-Shifo»  kasalxonasida shanba kunidan beri elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli halok bo‘lganlar soni 34 nafarga yetgan, ulardan 27 nafari reanimatsiya bo‘limidagi bemor va 7 nafari erta tug‘ilgan chaqaloqlardir.

Davolanishni kutayotgan falastinlik bola. Foto: ADEL AL HWAJRE/KEYSTONE PRESS AGENCY

Isroil rasmiy bayonotlariga ko‘ra, «Al-Shifo»  kasalxonasi go‘yoki HAMAS qarorgohi joylashgan tunnellar tepasida joylashgan.

Isroil harbiylari yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun inkubatorlarni G‘azoga o‘tkazishni muvofiqlashtirganini ma’lum qildi.

Isroil OAVlaridagi «ta’sirli» lavhalarda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun inkubatorlar yetkazilgani hikoya qilinadi. Biroq kasalxonada inkubatorlaridagi bolalar ham vafot etishmoqda. Elektr quvvati yo‘qligi sababli generatorlarda yoqilg‘i tugab qolgan, Isroil esa havo zarbalari bilan tomdagi quyosh panellarini yo‘q qilgan. Shu sabab u yerga yangi inkubatorlar mutlaqo keraksiz, chunki ularni ulash uchun hech narsa yo‘q.

«Biz qamaldamiz va o‘lim doirasi ichidamiz», deydi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili hozirda shifoxona darvozalarida Isroil tanklari turganini qo‘shimcha qilib.

Isroil snayperlari va dronlari kasalxonaga qarata o‘q uzmoqda, bu esa shifokorlar va bemorlarning harakatlanishini imkonsiz qilgan.

Dahshatlisi, «Al-Shifo» kasalxonasida elektr yo‘qligi sababli o‘likxonalar ishlamayapti, shifoxona yo‘laklari jasadlar bilan to‘lgan.

Avvalroq Isroilga yon bosayotgan arab davlatlari nomi ochiqlangandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring