Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YI bosh diplomati G‘azodagi «dahshatli vaziyat» haqida gapirdi

YI bosh diplomati G‘azodagi «dahshatli vaziyat» haqida gapirdi

Isroil qamal ostidagi G‘azoda yashayotgan ko‘p sonli aholini suv, oziq-ovqat va elektr energiyadan mahrum qilish bilan xalqaro huquqqa zid ish tutmoqda, deb hisoblaydi Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, YeI bosh diplomati O‘mon poytaxti Masqat shahrida Yaqin Sharqdagi beqarorlik yuzasidan o‘tkazilgan xalqaro mashvarat yakunida shunday bayonot bergan.

«Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega, lekin bu – xalqaro huquq, gumanitar huquq me’yorlariga muvofiq holda amalga oshirilishi kerak. (Isroilning) ayrim qarorlari xalqaro huquqqa ziddir», – deydi J.Borrel. 

Siyosatchi bu o‘rinda G‘azodagi ko‘p sonli aholi suv, oziq-ovqat va elektr energiyadan mahrum etilganini nazarda tutayotganini aytgan.

YeI bosh diplomati G‘azoning 150 ming aholisi boshpanasini tark etgani (BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi tarqatgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil bombardimonlari ortidan 264 ming falastinlik o‘z uyini tashlab ketgan – tahr.), hududdagi gumanitar vaziyat dahshatli ekanini ta’kidlagan.

Qo‘poruvchilik harakatlarini qoralagan Borrel Falastin–Isroil ziddiyatini siyosiy yo‘l bilan hal etish, tinch aholi vakillariga hujum qilmaslik, garovdagilarni ozod qilish lozimligini ham qayd etgan.

Xabaringiz bor, 7 oktyabr kuni HAMAS kuchlari hamda Isroil armiyasi o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. G‘azodan raketa uchirilishi ortidan Isroil hududni harbiy aviatsiya bilan bombardimon qila boshladi.

2,3 million nufusli G‘azo hududi 2007 yildan buyon qamal sharoitida yashab keladi. HAMAS bilan keskinlik kuchayishi ortidan, 8 oktyabr kuni Isroil hududga elektr energiya va yonilg‘i yetkazilishini to‘xtatdi. 9 oktyabr kuni esa yahudiy davlati mudofaa vaziri Yoav Galant G‘azo to‘laqonli qamalga olinishi, hududga oziq-ovqat va suv ham yetkazilmasligini e’lon qildi.

BMT bosh kotibi Antonio Guterrish urushayotgan tomonlarni xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqirar ekan, G‘azo to‘laqonli qamalda qolganidan chuqur xavotir izhor qilgan.

Jahon matbuoti hududdagi barcha shifoxonalar to‘lib ketgani, o‘likxonalarda ham joy qolmagani haqida xabar bergan.

BMT G‘azo aholisini «qora kunlar» kutayotganidan ogohlantirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring