Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tanlangan davlatlar uchun yo‘lak ochdi
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatni qisman tikladi, ammo bu imkoniyat barcha davlatlar uchun emas. Tehron faqat beshta davlat – Rossiya, Hindiston, Pokiston, Iroq va Xitoy kemalariga o‘tishga ruxsat berganini ma’lum qildi.
Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiga ko‘ra, boshqa davlatlar, ayniqsa AQSh va Isroilga tegishli kemalar uchun harakat hamon taqiqlangan. Bu esa Eronning Ho‘rmuzni geosiyosiy bosim vositasi sifatida ochiq qo‘llayotganini ko‘rsatadi.
Avvalroq xalqaro OAVlar Eron ruxsat berilgan tashuvchilar uchun bo‘g‘ozdan o‘tishni pullik qilgani haqida yozgan edi. Demak, Ho‘rmuz nafaqat harbiy-siyosiy, balki iqtisodiy nazorat nuqtasiga ham aylanmoqda.
Shunga qaramay, mintaqada harakat hali tiklangani yo‘q. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda bo‘g‘oz orqali atigi 15 ta kema o‘tgan, ularning aksariyati esa Eronga tegishli bo‘lgan. Bu esa global ta’minot zanjirlari hali ham izdan chiqqanini anglatadi.
Bu fon astida AQSh prezidenti Donald Tramp NATO davlatlarini ham bu masalaga jalb qilishga urinayotgani kuzatilmoqda. U avvalroq ham ittifoqdoshlarini Ho‘rmuzdagi vaziyat bo‘yicha faolroq ishtirok etmaslikda ayblab, aks holda «og‘ir oqibatlar» bo‘lishidan ogohlantirgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter