Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevropalik ekspert marhum Haydar Aliyevning tarixiy xizmati nimada ekaniga oydinlik kiritdi

Yevropalik ekspert marhum Haydar Aliyevning tarixiy xizmati nimada ekaniga oydinlik kiritdi

Ozarbayjonda umummilliy yetakchi Haydar Aliyev tavalludining 99 yilligi nishonlanmoqda. 1923-yilning 10-mayida tavallud topgan siyosatchi sovet tuzumi davrida uzoq yillar yuqori rahbar lavozimlarda ishlagan, jumladan, Ozarbayjonni idora etgan. 1993–2003-yillarda esa mustaqil Ozarbayjon prezidenti sifatida faoliyat yuritgan.

Ozarbayjon matbuotiga ko‘ra, mamlakatning zamonaviy tarixi Haydar Aliyev nomi bilan chambarchas bog‘liqdir. Chunki u hokimiyatga kelgach, milliy uyg‘onish va mustaqillik harakati qat’iy-mustahkam tus olgan, zamonaviy davlatchilik poydevori qo‘yilgan va mustahkamlangan. U 1994-yilda xorij energetika shirkatlari bilan neft konlariga doir «Asr shartnomasi» deb atalgan bitim imzolab, mamlakatni iqtisodiy taraqqiyot sari boshlagan.

Yevropa siyosat markazi tahlilchisi Amanda Pol aynan «Asr shartnomasi»ning imzolanishi zamonaviy Ozarbayjon tarixida burilish nuqtasi bo‘lgan deb hisoblaydi.

«Haydar Aliyev Ozarbayjonning energetika strategiyasini takomilga yetkazgan. Uning sa’y-harakatlari bilan «Asr shartnomasi»ning imzolanishi tarixiy yutuq bo‘ldi. Bu mamlakat tarixini o‘zgartirgan strategik hujjat edi.  Shu tariqa Ozarbayjonga xalqaro energetika gigantlari keldi, mamlakatda xalqaro neft-gaz quvurlari barpo etildi. Buning ortidan oqib kelgan ulkan moliyaviy manbalar Ozarbayjonga o‘z iqtisodiyotini rivojlantirish imkonini berdi. Bugungi kunda mamlakat energiya manbalarining muhim va ishonchli yetkazuvchisi sanaladi», – deydi tahlilchi A.Pol.

Ekspertga ko‘ra, G‘arb bilan robitalarning mustahkamlanishi, tashqi siyosatda pragmatik tamoyilga ustuvorlik berilgani va zamonaviy armiya barpo etilgani rasmiy Bokuning geosiyosatdagi o‘rnini mustahkamladi.

Atlantic Council tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi Ariel Koen ham H.Aliyevning energetika sohasidagi siyosatini alohida ta’kidlaydi. Qayd etilishicha, Ozarbayjon rahbari o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Bill Klinton, Gruziya yetakchisi Eduard Shevardnadze hamda yirik neft shirkatlari bilan birgalikda Boku–Tbilisi-Jayhun neft quvurini barpo etishni ta’minladi. Endilikda o‘sha poydevor asosida Janubiy gaz koridori loyihasi amalga tatbiq etilmoqda. 

Ukraina va Rossiya ziddiyati sabab Yevropa mamlakatlari gaz ta’minotida muammolar yuzaga kelishi xavfi ortmoqda. Bu borada esa Ozarbayjon maqbul variant bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ozarbayjonlik hamkasbi Haydar Aliyevning siyosiy yetakchilik qobiliyatiga yuqori baho bergani haqida xabar bergandik. 

Eslatib o‘tamiz, 2003 yildan buyon Ozarbayjon prezidenti lavozimida marhum H.Aliyevning o‘g‘li Ilhom Aliyev faoliyat yuritib kelmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring