Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Faqat Ukrainada emas» – xalqaro tashkilot Rossiya harbiylarini yana bir davlatda qotilliklar sodir etishda aybladi

«Faqat Ukrainada emas» – xalqaro tashkilot Rossiya harbiylarini yana bir davlatda qotilliklar sodir etishda aybladi

Foto: «www.revueconflits»

Rossiyaga aloqador harbiylar 2019 yildan buyon Markaziy Afrika Respublikasida (MAR) noqonuniy qatllar va zo‘ravonliklarni amalga oshirgan, deb xabar beradi Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti. Avvalroq BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissari ham Rossiyaning «Vagner guruhi» deb atalgan harbiy shirkatini tinch aholini qo‘rqitish, gumanitar tashkilotlar va jurnalistlarni ta’qib qilishda ayblagandi.

«MAR hukumati qo‘llab-quvvatlayotgan va Rossiyaga aloqador o‘laroq ko‘rilayotgan kuchlar tinch aholi huquqlarini poymol etayotgani va bu holat jazosiz qolayotganini tasdiqlovchi ishonchli dalillar mavjud. MAR hukumati va uning hamkorlari bu kabi qonunbuzarliklarga qarshi kurash va aybdorlarni jazolashga qodir emas yoki ular buni istamayotir.  Bu esa jinoyatlar nafaqat Afrika, balki dunyoning boshqa mintaqalarida ham takrorlanishi ehtimolini oshiradi», – deydi Human Rights Watch tashkilotining inqiroz va ziddiyatlar bo‘yicha direktori Ida Soyer.

Xalqaro tashkilot noqonuniy qatllarni sodir etgan shaxslar tergov qilinishi va xalqaro sud tomonidan jazoga tortilishini talab qilmoqda.

Dunyodagi eng qashshoq o‘lkalardan sanalgan MARda 2013 yildan buyon fuqarolar urushi davom etmoqda. 2018 yil avgust oyida MAR hamda Rossiya o‘rtasida harbiy hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan. Bunga ko‘ra, Rossiya MAR harbiylari malakasini oshirishga ko‘mak beradi.

Rasmiy Moskva Afrika davlatiga 1135 nafar «qurolsiz instruktor» yuborilganini tan oladi.  BMT hamda bir qator G‘arb davlatlari esa MAR armiyasi tarkibida Rossiya hukumatiga aloqador «Vagner guruhi» harbiylari jang qilmoqda deb hisoblaydi.

Rasmiy Vashingtonga ko‘ra,  «Vagner guruhi» Rossiya mudofaa vazirligi tarkibidagi tuzilma bo‘lib, prezident Vladimir Putinga yaqin shaxslar tomonidan idora etiladi va moliyalashtiriladi. Yevropa Ittifoqi ham MAR harbiy bo‘linmalari «Vagner guruhi» qo‘mondonligida harakat qilayotganini ta’kidlab keladi.

Tahlillarga qaraganda, xususiy shirkat niqobidagi «Vagner guruhi» nazoratidagi yollanma harbiylar jang maydonlarida Kreml manfaatlarini himoya qilib, uning ta’sirini kuchaytirishga xizmat qiladi. Rasmiy Moskva buni rad etadi. 

«Vagner» harbiylari Suriya, Mozambik, Sudan, Venesuela, Liviya, Chad, Mali, Ukraina kabi davlatlarda jang qilayotgani aytiladi. YeI hamda AQSh mazkur guruh hamda unga aloqador shirkatlarga sanksiya joriy etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring