Germaniya harbiylari Grenlandiyani muddatidan oldin tark etdi
Germaniya Bundesveri tarkibidagi 15 nafar harbiy xizmatchi Grenlandiyani rejalashtirilgan muddatdan oldin tark etdi. Ular orol poytaxti Nuukdan Icelandair aviakompaniyasi reysi bilan uchib ketgan. Bu haqda BILD nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Germaniya harbiylariga qaytish haqidagi buyruq Berlindan erta tongda kelib tushgan. Shu sababli barcha rejalashtirilgan uchrashuv va tadbirlar zudlik bilan bekor qilingan. Missiya rahbari Shtefan Pauli bir kun oldin Germaniya rahbariyatidan keyingi qadamlar bo‘yicha qaror kutilayotganini aytgan edi.
Dastlab harbiylarning kutilmagan qarori sabablari rasman ochiqlanmadi. Ayrim taxminlarga ko‘ra, bu qaror Grenlandiya atrofidagi geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi va AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan bildirilgan yangi savdo tahdidlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq bu versiyalar rasmiy tasdiq olmagan.
Shu bilan birga, Germaniya Mudofaa vazirligi keyinchalik tushuntirish berib, Bundesver harbiylari Grenlandiyani rejaga muvofiq tark etganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, qaytish 15–17 yanvar kunlariga mo‘ljallangan bo‘lib, uni 18 yanvargacha uzaytirish rejalashtirilgan. Ammo oroldagi yomon ob-havo sharoiti sababli safar uzaytirilmagan.
Bundesver missiyani muvaffaqiyatli deb baholadi. Podpolkovnik Peter Milevchuk Nuuk aeroportidan turib, Daniya harbiylari bilan hamkorlik «eng yuqori darajada konstruktiv» bo‘lganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Germaniya harbiylari Grenlandiyaga NATO doirasida, Daniya taklifi bilan bir necha kun oldin yetib kelgan edi.
Eslatib o‘tamiz, kecha Tramp Grenlandiya masalasida o‘zining «The Social Truth» tarmoq sahifasida yana post joylashtirdi.
«NATO Daniyaga 20 yildan beri «Grenlandiyadan Rossiya tahdidini qaytarishingiz kerak», deb aytib kelmoqda. Afsuski, Daniya bu borada hech narsa qila olmadi. Endi vaqt keldi va bu amalga oshadi!» – deb yozadi Tramp.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter