«Havana sindromi»: sirli xastalikka chalinganlar soni oshmoqda
AQShning Avstriyadagi elchixonasi xodimlarida ham «Havana sindromi» deb atalgan sirli xastalik alomatlari zohir bo‘ldi. Buning ortidan Qo‘shma Shtatlar razvedka idorasi maxsus komissiya tuzdi, deb xabar beradi ABC.
Yuqori martabali ofitserlar, olimlar va tibbiyot mutaxassislaridan iborat komissiya xodimlarning salomatligi bilan bog‘liq anomal holatlarni taftish-tadqiq etadi. Oq uy matbuot kotibi Jen Psakiga ko‘ra, maxsus komissiya Avstriyadagi holat biror xorijiy davlat tomonidan amalga oshirilgani ehtimolini ham tekshiradi. «The New Yorker» sirli xastalikdan Venada faoliyat yuritgan bir necha o‘nlab amerikalik diplomatlar aziyat chekayotganini qayd etgan.
Ilk bor 2016 yili AQShning Kuba poytaxti Havana shahridagi elchixonasida faoliyat yuritgan 40 nafar xodimda noodatiy kasallik asoratlari namoyon bo‘lgan. Ayrim diplomatlarning qulog‘i ostida kuchli shovqin eshitila boshlagan, ayrimlarining qon bosimi ko‘tarilib, boshi og‘rigan, yana ayrimlarining ko‘rish va aqliy qobiliyatida buzilishlar, uyqusizlik qayd etilgan.
2017 yili Xitoyning Guanchjou shahrida faoliyat yuritayotgan diplomatlarda ham ayni shunday ko‘ngilsiz holatlar kuzatilgan. Xastalik asoratlari uzoq vaqt davom etgan.
Diplomatlarning sirli ravishda kasallanishi yuzasidan turli sabab va taxminlar aytilgan. AQSh olimlari bir yillik tadqiqotlardan keyin «bu nurlanish oqibati» degan xulosaga kelgan.
Diplomatlar qasddan uyushtirilgan hujum qurboni bo‘lganmi yoki bu shunchaki tasodifmi – bu borada yakuniy xulosa aytilganicha yo‘q. Ammo bemorlarni davolash juda qiyin kechayotgani aniq.
NBC telekompaniyasiga ko‘ra, AQSh maxsus xizmati akustik hujum Moskva tomonidan uyushtirilgan deb hisoblaydi.
Qayd etilishicha, Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Rossiya vakillarining telefon orqali so‘zlashuvlari va yozishmalariga asoslanib shunday xulosaga kelgan. Shuningdek, AQShning Havanadagi elchixonasi binosi yaqinida Rossiya maxsus xizmatining yuqori chastotali qurollarga aloqador bo‘lgan xodimlari harakati kuzatilgan.
2017 yil dekabr oyida MRBning yuqori martabali vakili Mark Polimeropulos Moskvaga tashrif buyurgan. Safar va uchrashuvlar asnosida josuslik idorasi vakilida ham bosh aylanishi va quloq ostida kuchli shovqin kabi xastalik alomatlari paydo bo‘lgan. M.Polimeropulos safarni bekor qilib oshig‘ich ravishda Qo‘shma Shtatlarga qaytgan. Keyinroq xastalik sabab u hatto iste’fo berishga majbur bo‘lgan. M.Polimeropulos ham Rossiya maxsus xizmatining hujumi qurboni bo‘lganini ma’lum qilgan.
Ammo rasmiy Moskva ham, rasmiy Havana ham akustik hujumga aloqadorligini rad etgan.
Avstriya sirli xastalik qayd etilgan so‘nggi mamlakat bo‘lib turibdi. Bunga qadar AQShning Kuba, Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya kabi mamlakatlardagi elchixonalari xodimlarida «Havana sindromi» kuzatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter