Hindiston guruch yetishtirishda Xitoydan o‘zib ketdi
Hindiston 2025-yilda 150 million tonna sholi yetishtirib, dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchiga aylandi. Bu haqda mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Shivraj Singh Chouxanga asoslanib Economic Times xabar berdi.
Vazir ta’kidlashicha, mamlakat yuqori hosilli urug‘larni yaratishda ulkan yutuqlarga erishdi. Narendra Modi hukumatni boshqarishni boshlagan 2014-yildan beri 3 236 xil yuqori hosilli nav ro‘yxatga olindi, solishtirish uchun: bungacha o‘tgan 45 yilda 3 969 xil yangi nav yaratilgan.
«Shu tariqa oziq-ovqat taqchilligini boshdan kechirayotgan mamlakatdan global oziq-ovqat yetkazib beruvchisiga aylandik. Hindiston guruch yetishtirish bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirdi», — dedi Chouxan.
2025-yilda Hindiston 150 mln tonna, Xitoy 145,28 mln tonna sholi yetishtirgan. Hindiston o‘z guruchi bilan tashqi bozorlarni ham ta’minlamoqchi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter