FVV ogohlantirish bilan chiqdi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi mamlakat bo‘ylab savdo markazlari hamda umumiy ovqatlanish ob’yektlarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha keng ko‘lamli tekshiruvlar boshlanganini ma’lum qildi. Vazirlik ogohlantirishicha, yong‘in xavfsizligi talablari jiddiy buzilgan taqdirda ob’yektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.
Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, ob’yekt hududi hamda bino-inshootlarida yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash maskan rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.
FVV tomonidan quyidagi asosiy talablarga e’tibor qaratish so‘ralmoqda: binolarning evakuatsiya chiqish yo‘llari doimiy ravishda ochiq va shay holatda bo‘lishi, ob’yektlar yong‘in signalizatsiyasi hamda boshqa yong‘inga qarshi texnik himoya vositalari bilan jihozlanishi va ularning ishchi holati muntazam nazorat qilib borilishi, shuningdek, binolar hududi va qavatlari yong‘in o‘chirishning birlamchi vositalari bilan yetarli miqdorda ta’minlanishi lozim.
Shu bilan birga, ob’yekt hududi yoki binolarni ijaraga berish jarayonida ijaraga oluvchi tomonidan yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishi shartnoma shartlarida aniq belgilab qo‘yilishi zarurligi ta’kidlangan.
Vazirlik axborotida qayd etilishicha, Toshkent shahridagi “Aviator” savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘in kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida respublika miqyosida ishchi guruhlar tuzilib, joylarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Tekshiruvlar davomida yong‘in xavfsizligi talablarining ko‘plab buzilishi aniqlangan holatlarda, kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ob’yektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilmoqda.
Shuningdek, qonunchilikka muvofiq, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmasligi oqibatida kelib chiqqan yong‘in holatlari uchun ob’yekt rahbarlari va boshqa mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangani eslatib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 yanvar kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan “Aviator” savdo-ko‘ngilochar markazida yong‘in sodir bo‘lib, oqibatda 3 yoshli qizaloq vafot etgandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi va 259-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter