Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil AQShda amalga oshirgan maxfiy kampaniya oshkor bo‘ldi

Isroil AQShda amalga oshirgan maxfiy kampaniya oshkor bo‘ldi

Isroil davlatining diaspora masalalari bo‘yicha vazirligi AQSh qonun chiqaruvchilari va jamoatchiligi orasida propaganda kampaniyasini o‘tkazish uchun 2 million dollar ajratdi. Bu haqda “The New York Times” gazetasi xabar bergan.

Dunyo davlatlarida yashovchi yahudiylar va Isroil davlati o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga mas’ul sanalgan vazirlik siyosiy targ‘ibot uchun “Stoic” firmasini yollagan.

Ushbu kampaniya doirasida Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida olib borayotgan urush yuzasidan AQSh jamoatchiligining xayrixohligini kuchaytirish maqsad qilingan.

Shu maqsadda X, Facebook, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar ochish va Tel-Avivning G‘azodagi harakatlarini dastaklovchi, Vashingtonning Tel-Avivga harbiy ko‘magini kuchaytirishga targ‘ib etuvchi postlar chop etish ko‘zda tutilgan. Matbuot xabariga ko‘ra, “Stoic” firmasi soxta yangiliklar saytlarini ham yaratgan.

Vashington an’anaviy ravishda Isroilni moliyaviy, harbiy va siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi. Ayni paytda davom etayotgan HAMASga qarshi urushda ham Qo‘shma Shtatlar yahudiy davlatini yaqindan dastaklamoqda. Ammo G‘azoda o‘n minglab tinch aholi vakillari o‘ldirilishi ortidan Qo‘shma Shtatlarda Isroilni qo‘llab-quvvatlashni bas qilish talabi tobora balandroq ovozda yangramoqda.

AQShdagi taniqli siyosatchilardan biri, senator Berni Sanders Isroil G‘azoda tinch aholi vakillari o‘limi sababli dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida obro‘sini yo‘qotayotganini aytib, prezident Jo Baydendan Isroil rahbariyatiga tinch aholi vakillarini o‘ldirmaslik borasida shart qo‘yishni talab qilgan.

AQSh prezidentligiga nomzod, yahudiy millatiga mansub Jill Stayn Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni G‘azo sektorida genotsid va harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblagan. Stayn AQShning amaldagi prezidenti Baydenni G‘azodagi xunrezliklarga sherik ekanini qayd etgan.

2023 yil oktyabr oyida AQSh davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan.

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring