Isroil falastinlik mahbuslarni qo‘riqlashda timsohlardan foydalanmoqchi
Isroil atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Idit Silman nil timsohini ko‘paytiriladigan yovvoyi hayvon deb e’lon qildi. Bu chora-tadbir Isroil qamoqxonalar boshqarmasiga timsohlardan falastinlik mahbuslar saqlanayotgan tutqungohlarni qo‘riqlashda foydalanish imkonini beradi.
Euronews xabariga ko‘ra, ushbu qarorga vazirlikning huquqshunosi e’tiroz bildirgan.
Mamlakat tabiat va milliy parklar boshqarmasi ham yovvoyi hayvonlarni faqat ilmiy-ma’rifiy maqsadlarda saqlash mumkinligi haqida bayonot bergan.
Isroil hukumatining radikal qanotga mansub a’zosi, milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir 2025-yil dekabr oyida falastinlik mahbuslar saqlanayotgan qamoqxonalarni timsohlar yordamida qo‘riqlash tashabbusini ilgari surgan edi.
Ushbu tashabbus egalari AQSh va Janubiy Amerika davlattlarida timsohlar ozodlikdan mahrum qilish muassasalarini qo‘riqlashga safarbar etilganini iddao qilgan. Ammo huquqshunoslar vaqtinchalik shunday amaliyot kuzatilgani, ammo u muntazam yo‘lga qo‘yilmaganini aytgan.
Inson huquqlari tashkilotlari Isroil xavfsizlik vajidan falastinliklarni ayblov e’lon qilmagan holda qamoqda saqlab kelishini tanqid qiladi. Bu amaliyot, ayniqsa, 2023-yil 7-oktyabrdan keyin kuchaygan.
BBC nashriga ko‘ra, G‘arbiy Sohildagi deyarli har bir oila vakillari Isroil qamoqxonalarida o‘tirib chiqqan. Mahbuslar Isroil ichki hududlarida saqlangani sabab yaqinlari ular holidan umuman xabar ololmaydi.
BMT hisobotida qayd etilishicha, Isroil 1967-yildan buyon 800 mingdan ziyod falastinlikni asossiz ravishda yoki arzimas shubha-gumon bilan hibsga olgan.
«Isroil harbiy okkupatsion ma’muriyati Falastinning bosib olingan hududlarini ochiq osmon ostidagi qamoqxonaga aylantirgan», — deya bayonot bergan BMTning maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze.
Qamoqqa olingan falastinliklar orasida bolalar ham ko‘pligi xavotir uyg‘otib keladi.
Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarga nisbatan qiynoq, jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik harakatlari sodir etilgani yuzasidan xavotir bildirgan.
Tashkilotning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha direktori o‘rinbosari Sara Xashashga ko‘ra, Negev cho‘lidagi Sde-Teyman tutqungohida falastinlik mahbuslarga noinsoniy munosabat va qiynoq qo‘llangani dalillar bilan isbotlangan.
Joriy yil mart oyida Isroil parlamenti (Knesset) terroristik hujumlarda ayblangan falastinliklar uchun o‘lim jazosini standart jazo sifatida belgilovchi qonunni qabul qildi.
BMTning falastinlik qochqinlarga ko‘mak bo‘yicha agentligi bosh komissari, shuningdek, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya kabi Yevropa davlatlari vakillari ushbu qonunni demokratik tamoyillariga zid deya qoralagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter