Istanbul: 80 yillik tanaffusdan keyin qadimiy masjid qayta ochildi
Istanbul shahridagi qadimiy Kariye (Kariye) masjidi to‘rt yillik restavratsiyadan keyin o‘z eshiklarini yana musulmonlarga ochdi. Ochilish marosimida videokonferensiya orqali ishtirok etgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bu hodisa ramziy ma’no-mazmun kasb etishini ta’kidladi.
Ilk o‘rta asrlar Vizantiya me’morchilik an’analariga mansub binoda avval nasroniy monastiri joylashgan. 1453 yili Konstantinopol Usmoniylar davlati tomonidan fath qilingach, ibodatxona musulmonlar tasarrufiga o‘tgan. 1511 yili minora va gumbazlar qurilgan va ibodatxona jome masjidga aylantirilgan. Shu tariqa jome asrlar mobaynida musulmonlarga xizmat qilgan.
Turkiya Respublikasi e’lon qilinganidan keyingi yillarda 79 yil davomida Kariye masjidi muzey sifatida faoliyat yuritgan. Prezident Erdo‘g‘onning 2020 yil 1 avgustdagi farmoni bilan qadimiy masjidga yana jome masjid maqomi qaytarildi.
YuNESKO tomonidan umumjahon yodgorligi deya e’tirof etilgan Kariye masjidiga xorijlik sayyohlar ham bemalol tashrif buyurishi mumkin.
Qayd etish joizki, Kariye masjidining taqdiri Ayo Sofiya obidasining kechmishi bilan mushtarakdir.
2020 yilda Istanbul ramzi sanalgan ko‘hna Ayo Sofiya obidasida ham 86 yillik tanaffusdan keyin ilk juma namozi ado etilgan edi. Avvalroq nasroniylar ibodatxonasi bo‘lgan obida haqidagi ilk ma’lumotlar milodning 300-yillariga borib taqaladi. Istanbul fathidan keyin Ayo Sofiya ibodatxonasi ham masjidga aylantirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter