Keksalar uchun pullik xizmatlar bozori shakllanmoqda — Hindiston
Hindistonda keksalar uchun hamroh topib beruvchi yangi xizmat ishga tushirildi. The Economic Times nashrining yozishicha, pensionerlar ushbu xizmatdan foydalanish uchun pul to‘lashlari shart.
BMT prognozlariga ko‘ra, 2020-yildan 2050-yilgacha bo‘lgan davrda dunyo bo‘yicha 60 va undan katta yoshdagi odamlar soni ikki barobar ko‘payib, jami 2,1 milliard nafarga yetadi. Hindistonda esa har beshinchi fuqaro ana shu 60 yoshdan oshganlar safida bo‘lishi kutilmoqda, bu mamlakat aholisining 21 foizini tashkil etadi.
Ayni paytda Hindistonda katta oilalar soni kamayib boryapti: yoshlar ota-onalaridan alohida yashashga intilyapti, oqibatda ko‘plab keksalar yolg‘iz qolib ketmoqda. Pensionerlarni qo‘llab-quvvatlovchi ijtimoiy infratuzilma esa cheklangan. Shu bois mamlakatda bunday vaziyatlarda yordam berishning turli yo‘llari o‘ylab topila boshladi.
Masalan, Mumbayda yolg‘iz yashovchi keksa yoshli inson 2500–4000 rupiy (taxminan 26–42 dollar) evaziga o‘zi bilan birga choy ichadigan, uning hikoyalarini tinglaydigan yoki birga sayr qilib, kinoga borishda hamrohlik qiladigan odamni yollashi mumkin.
Biroq ekspertlarning ta’kidlashicha, bunday biznes iqtisodiy jihatdan unchalik samarali emas. Chunki oilalar keksa qarindoshlarining ruhiy xotirjamligidan ko‘ra, ko‘proq ularga tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga ustuvorlik berishadi. Shunga qaramay, mamlakatda pensionerlar uchun bunga o‘xshash boshqa loyihalar ham ochilishda davom etmoqda.


Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting
Kiriş
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter