Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kiyevga hujum: shaharda motam e’lon qilindi

Kiyevga hujum: shaharda motam e’lon qilindi

28-avgustga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Kiyevni raketa va dronlar bilan o‘qqa tutdi. Havo zarbalaridan biri Darnitsa tumanidagi besh qavatli turar-joy binosiga tegib, uning deyarli butun qismi vayron bo‘ldi.

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum natijasida 15 kishi halok bo‘lgan, ular orasida bolalar ham bor. Taxminan 50 dan ortiq odam yaralangan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu hodisa yuzasidan Xitoy va Vengriyadan reaksiya bildirishni so‘rab, «bolalarning o‘limi barcha narsadan kuchliroq hissiyot uyg‘otishi kerak»ligini aytdi.

Zelenskiyning Xitoy va Vengriyaga alohida murojaat qilishi sababsiz emas.

Xitoy Ukraina mojarosida o‘zini betaraf ko‘rsatsa-da, Rossiya bilan yaqin iqtisodiy va siyosiy munosabatlarga ega. Zelenskiy esa Pekindan hech bo‘lmasa insonparvarlik nuqtai nazaridan qat’iy bayonot kutayotganini bildirdi. Uning fikricha, bolalarning o‘limi – bu siyosiy manfaatlardan ustun turadigan umuminsoniy fojea.

Vengriya ham Yevropa Ittifoqida Ukraina masalasida aksar vaqt Moskvaga yaqin pozitsiyani egallaydi. Vengriya rahbariyati sanksiyalar yoki Ukrainaga yordam masalasida ko‘p marta to‘siq bo‘lgan. Zelenskiy esa Budapeshtni «eng kamida insonparvarlik asosida» javob berishga chaqirmoqda.

Ya’ni, u bolalarning halokati orqali Xitoy va Vengriyani betaraflikdan chiqishga, Rossiya tajovuziga nisbatan aniq va qat’iy munosabat bildirishga majbur qilishni ko‘zlamoqda.

Kiyev shahar ma’muriyati 29-avgustni motam kuni deb e’lon qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring