Ko‘rinmas qotil. Eronlik taniqli olim qanday o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi
Eron yadro dasturining rahbari Muhsin Faxrizodaning sirli o‘limiga doir tafsilotlar ochiqlandi. «The New York Times» gazetasining xabar berishicha, taniqli fizik olim Isroil maxsus xizmati – «Mossad» agentlari tomonidan robot qotil yordamiga o‘ldirilgan. Bu haqda AQSh va Isroil hukumati hamda razvedka xizmatidagi manbalar ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Isroil josuslik xizmati Muhsin Faxrizodani 2009 yildan buyon mahv etishga harakat qilib kelgan. 2018 yili AQSh Eron bilan tuzilgan yadro bitimidan bir tomonlama chiqib ketgach, Isroil razvedkasi M.Faxrizodaga qarshi yangi suiqasd rejasini tuzgan.
Qotillik 2020 yil 27 noyabr kuni Tehron shahri yaqinidagi qasabada amalga oshirilgan. Faxrizoda harakatlanayotgan avtomobil masofadan turib boshqarilgan «FN MAG» pulemyotidan o‘qqa tutilgan. Bir tonnalik konstruksiya Eron hududiga qismlarga bo‘lgan holda olib kirilgan va qayta yig‘ilgan. Robot qotil Eronda keng tarqalgan Zamyad avtomobiliga o‘rnatilgan. Avtomobil Faxrizoda doim o‘tadigan yo‘lda kutib turgan va uning mashinasi yaqinlashishi bilan masofadan turib o‘q yog‘dirgan. Nishon mahv etilgach, mashina portlatib yuborilgan.
Muhsin Faxrizodaning o‘limidan keyinoq suiqasd ortida Isroil maxsus xizmati turgani haqida taxmin aytilgan edi.
Joriy yil iyun oyida OAVga intervyu bergan «Mossad»ning sobiq rahbari Yosi Koen Isroil maxsus xizmatining Muhsin Faxrizoda o‘limiga aloqador ekanini na tan olgan, na rad etgan. Ammo eronlik olim ko‘p yillardan buyon «Mossad»ning nishonida bo‘lgani, chunki uning yadro fizikasi bo‘yicha bilimlari xavotir uyg‘otganini qayd etgan.
Isroil hukumati rahbari B.Netanyahu 2018 yili Eron yadro dasturiga doir maxfiy ma’lumotlarni oshkor etar ekan, professorning suratini ko‘rsatib, «Ushbu ismni eslab qolinglar: Muhsin Faxrizoda!» deya xitob qilgan edi. Qolaversa, bunga qadar ham mazkur davlat maxsus xizmati tomonidan Eronning yana bir necha yadro sohasi mutaxassisi o‘ldirilgani aytiladi.
Eron mudofaa vazirligining innovatsiya va tadqiqotlar bo‘limi rahbari, Imom Husayn nomidagi universitet professori sanalgan Muhsin Faxrizoda ko‘p yillar davomida mamlakatning yadro sohasidagi tadqiqotlariga boshchilik qilgan. Ayrim G‘arb nashrlari Faxrizodani Ikkinchi jahon urushida AQShda yadro qurolini yaratish loyihasiga boshchilik qilgan Robert Oppengeymga muqoyasa etishadi. Faxrizoda «Eron yadro sohasining otasi» deb ham atalgani ham ma’lum.
AQSh milliy xavfsizlik kengashi qoshidagi qurollanishga qarshi tuzilmaning sobiq rahbari Erik Bryuerga ko‘ra, professor Faxrizodaning o‘ldirilishi u boshchilik qilayotgan loyihalarning to‘xtab qolishiga olib keladi.
Mudofaa sohasi eksperti Muhammad Marandi esa olimning o‘ldirilishi ilmiy izlanishlarga u qadar ta’sir etmaydi deb hisoblaydi. Uning qayd etishicha, so‘nggi 10 yil davomida Eronda Faxrizodaning ishini davom ettiruvchi olimlar avlodi shakllandi va ular marhum mutaxassisning tadqiqotlarini davom ettira oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter