Maduroning o‘g‘irlanishi ortidan Kim Chen In ham shoshilinch choralar ko‘rmoqda
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In shaxsiy xavfsizligiga mas’ul bo‘lgan uch nafar yuqori martabali mulozimni o‘zgartirdi. Bu haqda Euronews Janubiy Koreya hukumatidagi manbalariga tayanib xabar berdi.
Shaxsiy qo‘riqchilar rahbarlarining o‘zgarishi Kim Chen Inning o‘ziga qarshi ehtimoliy suiqasdlardan xavotirga tushib qolgani bilan izohlanmoqda.
AQSh bilan aloqalar sovuqlashgan bir paytda KXDR Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda minglab harbiy bilan ko‘mak bermoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Kurskdagi g‘alabaga hissa qo‘shgan shimoliy koreyaliklarni e’tirof etgani ma’lum.
Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati (NIS) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinida taxminan 10 ming shimoliy koreyalik harbiy joylashtirilgan. 2025 yil noyabr oyida Shimoliy Koreya Rossiyaga yana 5 ming harbiy jo‘natgan.
Kim Chen Inning o‘zi Kreml tomonidan “Ukrainadagi vaziyatni hal qilish” bo‘yicha ko‘rilayotgan barcha choralarni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini aytib keladi.
Koreya milliy birlashish instituti tahlilchisi Xong Minning fikricha, Kim Chen In shaxsiy qo‘riqlash tizimi rahbariyatini o‘zgartirgani aynan Ukraina urushida Rossiyaga ko‘mak berishi ortidan unga qarshi tahdidlar kuchayishi bilan bog‘liqdir.
“(Rossiyaga Shimoliy Koreya) qo‘shini yo‘llanishi sababli xalqaro jamoatchilik diqqat-e’tibori ortgan bir pallada Kim Chen In o‘ziga qarshi ukrainaliklarni jalb etgan holda suiqasd uyushtiriladi deb taxmin qilayotgan bo‘lsa kerak”, – deydi tahlilchi Xong Min.
Avval xabar berganimizdek, 3 yanvarga o‘tar kechasi AQSh Venesuela poytaxti Karakas hamda mamlakatning boshqa hududlariga harbiy hujum uyushtirdi.
Harbiy amaliyot davomida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Karakasdagi saroyidan o‘g‘irlab AQShga keltirildi. Qo‘shma Shtatlar rasmiy idoralari Maduroga nisbatan narkoterrorizm, giyohvandlik moddalari kontrabandasi, noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi kabi moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilgan.
Pxenyan tomonidan xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi Kim Chen Inning boshiga ham Maduroning kuni tushishi mumkin degan tashvish bilan ham izohlanadi. O‘zi shundoq ham Shimoliy Koreya hukumati ko‘pdan buyon AQShni Kim Chen Inni hokimiyatdan ketkazishga urinishda ayblab keladi.
Xabarlarga qaraganda, Kim Chen In keyingi paytlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida yangi-yangi uskuna va texnologiyalar xarid qilgan.
Darvoqe, so‘nggi vaqtlarda Shimoliy Koreya yetakchisiga rasmiy tadbir va hatto xorijiy safarlarda qizi Kim Ju Aye hamrohlik qilishi odatga aylandi.
12-13 yoshda ekani aytilayotgan qizaloq Kim Chen Inning vorisi sifatida yadro quroliga ega mamlakatning kelgusi rahbari bo‘lishi taxmin qilinmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter