Malayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qiladi
Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim mamlakat hududida aniqlangan har qanday Isroil fuqarosi zudlik bilan deportatsiya qilinishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Kuala-Lumpur Isroil davlatini tan olmaydi.
Ushbu bayonot Johor shtatidagi «Network School» xususiy turar joy hamjamiyati faoliyatida Isroil fuqarosi ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan olib borilayotgan tergov fonida yangradi. Johor shtati rasmiylarining murojaatidan so‘ng Malayziya Ichki ishlar vazirligi mazkur holat bo‘yicha tekshiruv boshlagan.
«Bu masala tegishli idoralar ixtiyoriga topshirilgan. O‘ylaymanki, bu borada Oliy ta’lim vaziri izoh beradi. Agar qonunbuzarlik aniqlansa, albatta tegishli choralar ko‘riladi. Agar bu ishda Isroil fuqarolari ishtirok etgani tasdiqlansa, ular zudlik bilan deportatsiya qilinadi, chunki Malayziya Isroilni tan olmaydi», — dedi u 15 iyul kuni bo‘lib o‘tgan jamoatchilik tadbirida.
Shuningdek, rasmiylar «Forest City» xalqaro turar joy majmuasida tekshirilgan 266 nafar xorijlikning hujjatlari haqiqiy ekanini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Isroil pasporti bilan Malayziyaga kirish odatda faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter