Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mamlakatning qariyb 26 million aholisiga ochlik xavf solmoqda

Mamlakatning qariyb 26 million aholisiga ochlik xavf solmoqda

Foto: BMT

Afrika shimolida joylashgan Sudan davlatiga misli ko‘rilmagan ochlik xavf solmoqda, deyiladi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Jahon oziq-ovqat dasturi, Bolalar jamg‘armasi kabi tuzilmalarining qo‘shma bayonotida.

Bir yarim yildan buyon davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar sabab mamlakat bo‘ylab oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelgan. Ayni paytda 755 ming kishi ochlikning “5 IPC” darajasida, bu xavf-xatarning eng yuqori ko‘rsatkichi sanaladi. Yana  25,6 million aholi kuchli ochlik tahdidi ostida qolmoqda.

«Sudanda oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat kun sayin yomonlashmoqda. Millionlab odamlar hayoti xavf ostida. Ocharchilikning oldini olish uchun 60 million dollar miqdorida tezkor mablag‘ zarur. Bu mablag‘ olis hududlarda yashovchi aholiga yaqin olti oy ichida oziq-ovqat yetkazish va ochlikning oldini olishda asqotadi», – deydi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Ku Dongyu.

O‘z navbatida, YuNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel xalqaro hamjamiyat e’tiborini Sudandagi yuz minglab och-nahor bolalarning fojiali taqdiriga qaratgan.

BMT tuzilmalari Sudanda oziq-ovqat ta’minotini tiklash uchun o‘t ochishni to‘xtatish lozimligini talab qilgan.

Avvalroq «Save the Children» xayriya tashkiloti fuqarolar urushi davom etayotgan Sudanda 2,9 million nafar bolalar birlamchi oziq-ovqatdan mahrum ekani haqida bong urgan edi.

Sudanda 2023 yil aprel oyida fuqarolik urushi boshlangan edi. De-fakto davlat rahbari sanalgan general Abdulfattoh Burhon qo‘mondonligida muntazam armiya va general Muhammad Hamdan Dagalo boshchiligidagi Tezkor harakat kuchlari (RSF) o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlarda kamida 14 ming kishi halok bo‘ldi. 8,3 million aholi boshpanasini tark etishga majbur bo‘ldi.

Sudanni uzoq yillar idora etgan Umar Bashir 2019 yilda hokimiyatdan chetlatilgan edi. Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud uni qatliom va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblagan.

Umar Bashir prezidentlikdan ketgach, harbiy va fuqaroviy guruhlar o‘tish davri hukumatini tuzishga kelishgan. Ammo mamlakatdagi turli siyosiy, harbiy guruhlar o‘zaro til topisha olmadi. Pirovardida generallar Abdulfattoh Burhon va Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi ziddiyat rosmona urushga aylanib ketdi. Tomonlar vaqti-vaqti bilan o‘t ochishni to‘xtatish borasida bitim tuzayotgan bo‘lsa-da, qonli ixtilofni butkul hal etib bo‘lmayapti.

Urush tufayli dehqonchilik, tijorat izdan chiqqan, qimmatchilik avj olgan. Xalqaro insonparvarlik yordami yetkazish ham muammo bo‘lmoqda. BMTning 2024 yilda Sudanga 2,7 milliard dollar ko‘mak ko‘rsatish rejasi 4 foizga moliyalashtirilgan, xolos.

Ekspertlar xavotiriga ko‘ra, mamlakatda zamonaviy tarixdagi eng mudhish gumanitar halokat yetilib kelayotir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring