Netanyahu yana bir qaltis ishni boshlamoqda

Jahon yetakchilari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning G‘azo sektorini to‘liq bosib olish qarorini keskin qoralamoqda. Netanyahu ma’muriyatining bu qaroriga Isroil muxolifati ham qarshi chiqmoqda.
8 avgust kuni Isroil xavfsizlik kengashi G‘azo sektoridagi yuz minglab falastinlik jon saqlayotgan G‘azo shahrini nazoratga olish haqida qaror qabul qildi. Ushbu bahsli qaror G‘azo shahridagi yuz minglab odamni yana majburiy ko‘chirish hamda butun G‘azo bo‘lgasini bosib olishni anglatadi.
«The Times of Israel» nashri yozishicha, hozirda Isroil armiyasi G‘azo sektorining 75 foizini nazorat qilmoqda. Yahudiy armiyasi nazoratidan tashqaridagi G‘azo shahri va markaziy hududlardagi qochqinlar lagerlarida 2,3 aholining katta qismi jon saqlab turibdi.
Bir necha kun avval bosh vazir Binyamin Netanyahu AQShning Fox News telekanaliga bergan intervyusida Isroil butun G‘azo sektorini bosib olishni ko‘zlayotganini ochiqlagandi.
Dunyo siyosiy yetakchilari Netanyahuning bu qarorini keskin tanqid qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, G‘azo sektorining Isroil armiyasi tomonidan to‘liq bosib olinishi mintaqadagi o‘zi shundoq ham og‘ir gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.
«Isroilning G‘azodagi hujumlarni yanada kuchaytirish qarori xatodir. Biz bu rejani darhol qayta ko‘rib chiqishga chaqiramiz. Bu harakatlar na o‘t ochishni to‘xtatishga, na garovdagilarni ozod qilishga yordam beradi. Bu qon to‘kilishini yanada kuchaytiradi, xolos», – deb bayonot bergan Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer.
Ingliz hukumati rahbari o‘t ochishni to‘xtatish, G‘azoga insonparvarlik ko‘magini ko‘paytirish va HAMAS ixtiyoridagi asirlarni ozod qilish lozimligini ta’kidlagan.
Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ham Tel-Avivning G‘azo sektorini to‘liq bosib olish rejasi yuzasidan xavotir bildirgan.
Ursula fon der Lyayenga ko‘ra, Isroil G‘azoni bosib olish rejasini qayta ko‘rib chiqishi kerak. YeK rahbari G‘azo sektoridagi asirlarni ozod qilish, hududga to‘sqinliksiz insonparvarlik ko‘magi yetkazish va umuman otashkesimga erishish lozimligini ham urg‘ulagan.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk ham Isroil rahbariyatining bu qarorini qoralagan.
«Isroil hukumatining ishg‘ol ostidagi G‘azo sektori hududini harbiy yo‘l bilan to‘liq bosib olish rejasi zudlik bilan to‘xtatilishi kerak. Bu Xalqaro sud qaroriga ziddir. Xalqaro sud qaroriga muvofiq, Isroil imkon qadar tezroq (Falastin yerlari) okkupatsiyasini to‘xtatishi, ikki davlat qarori va falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ro‘yobga chiqarishi kerak», – degan oliy komissar.
Germaniya hukumati G‘azo sektorida qo‘llanishi ehtimoli sabab Isroilga qurol yetkazishni vaqtincha to‘xtatgan. Kansler Fridrix Mers G‘azodagi tinch aholi vakillari og‘ir ahvolda qolayotganiga e’tibor qaratgan.
Xitoy ham Isroilni ushbu «xavfli harakat»ni to‘xtatishga da’vat qilgan.
«G‘azo sektori Falastin xalqiga tegishli va Falastin hududining ajralmas qismi hisoblanadi», – degan Xitoy TIV vakili.
Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid Netanyahu hukumatining ushbu rejasini tanqid qilgan. Unga ko‘ra, bu reja harbiy rahbariyat tavsiyalariga ziddir.
Ayni paytda G‘azo sektorining 2,3 million aholisi hayotiga ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solmoqda.
23 iyul kuni dunyodagi yuzdan ziyod gumanitar tashkilotlar va inson huquqlari guruhlari G‘azoda ommaviy ochlik tarqalayotganidan ogohlantirdi.
Isroildagi ikki yetakchi inson huquqlari tashkiloti – B’Tselem hamda Physicians for Human Rights ham Netanyahu hukumatini falastinliklarga nisbatan genotsid sodir etishda ayblamoqda.
Hisobotda Isroil armiyasi sodir etgan jinoyatlar, jumladan, minglab bolalar, ayollar va keksalarning o‘ldirilishi, majburiy ko‘chirishlar, uy va turarjoylarning yo‘q qilinishi, shifoxonalarning vayron etilishi, ocharchilikning yuzaga keltirilishi batafsil tasvirlangan.
Tahlillarga qaraganda, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida davom etayotgan urushda kamida 61158 nafar falastinlik halok bo‘ldi.
Avvalroq London universiteti huzuridagi Hollouey qirollik kolleji olimlari G‘azodagi urushda hudud aholisining 4 foizi yoki 80 mingdan ziyodi o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Ekspertlar «XXI asrdagi boshqa biror urushda bunday holat kuzatilmagan» degan xulosaga kelgan.
Ma’lumot o‘rnida: Isroil parlamenti joriy yil 23 iyul kuni Falastinning yana bir hududi – Iordan daryosining G‘arbiy Sohilini o‘z hududiga qo‘shib olish haqida qaror qabul qilgandi. Bu qaror ham xalqaro hamjamiyat, xususan, Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorligi tashkiloti tomonidan keskin qoralangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter