Norvegiyada qirollik inqirozi: taxt vorisining rafiqasi Epshteyn fayllarida, uning o‘g‘li esa...
Norvegiyada taxt vorisining rafiqasi Mette-Maritning o‘g‘li – Marius Borg Xyoybyu ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Oslo politsiyasi uni 1-fevral, yakshanba kuni hibsga olgan.
U – zo‘rlash, tan jarohati yetkazish hamda muayyan shaxsga yaqinlashishni taqiqlovchi sud qaroriga rioya qilmaslikda ayblanmoqda. Ish tafsilotlari oshkor etilmayapti, ammo gap Xyoybyuning sobiq sheriklaridan biri bilan munosabatlari haqida ketishi ehtimol qilinyapti.
2024 yil davomida politsiya Xyoybyuni bir necha bor: oilaviy zo‘ravonlik, zo‘rlash, sud taqiqlarini buzish va haydovchilik guvohnomasiz mashina boshqarish kabi ayblovlar bilan qo‘lga olgan.
Prokuratura tayyorlagan dastlabki ayblov xulosasida 32 band bo‘lgan, keyin ularga yana 6 ta band qo‘shilgan. Jabrlanuvchilar esa bir necha ayol. Ulardan faqat bittasining ismi oshkor etilgan – Nora Xaukland, model va «Love Island» realiti-shousining sobiq ishtirokchisi. U Xyoybyu bilan 2022–2023 yillarda munosabatda bo‘lgan.
Norvegiya taxti vorisi Xokonning asrandi o‘g‘li bo‘lgan Xyoybyu (u rasman qirollik oilasi a’zosi hisoblanmaydi, -tahr.) sudgacha ozodlikda bo‘lgan, ammo yangi ayblovlardan so‘ng sud uni hibsga olishga qaror qildi. Birinchi sud majlisida u zo‘rlash ayblovini tan olmadi.
2017-yilda Xyoybyu narkotik moddalar saqlagani uchun 4 ming norveg kronasi (taxminan 400 yevro) jarimaga tortilgan. 2024-yildagi hibslardan birida uning qonida kokain, ekstazi va marixuana aniqlangan.
Mariusning hibsga olinishi yana bir yirik mojaro bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. AQSh Adliya vazirligi e’lon qilgan Djeffri Epshteyn ishiga oid hujjatlarda Mette-Maritning Epshteyn bilan 2011–2014 yillardagi yozishmalari topilgan.
Mette-Marit yozishmalarda Epshteynni juda jozibali, yaxshi qalbli va yoqimtoy inson deb ta’riflagan. U Epshteyn haqida internetda qidirib ko‘rganini va bu yaxshi samara bermaganini yozgan. Boshqa bir xabarda esa u Epshteyndan 15 yoshli o‘g‘liga (Mariusga) ekran fonida ikki yalang‘och ayol tasviri qo‘yish to‘g‘rimi, deb so‘raydi.
Mette-Marit rasmiy bayonot berib, Epshteyn bilan aloqa qilgani xato bo‘lganini tan oldi va bu holat uchun uyalganini bildirdi.
Janjallar kronprinsessaning salomatligi yomonlashgan bir paytda yuz bermoqda. U o‘pka fibrozi kasalligiga chalingan. 2025-yil dekabrida qirollik oilasi 52 yoshli Mette-Maritga o‘pka ko‘chirib o‘tkazish talab qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.
Norvegiyaning eng yirik nashri Aftenposten Mette-Marit ushbu mojarolardan so‘ng qirolicha bo‘la oladimi, degan savolni ko‘tardi. Bosh vazir Yunas Gar Styore esa Epshteyn hujjatlarida tilga olingan norvegiyaliklardan izoh kutilmoqda, dedi.
3-fevral kuni Norvegiya parlamenti monarxiyani bekor qilib, respublikaga o‘tish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. 169 deputatdan 141 nafari monarxiyani milliy birlik ramzi sifatida saqlab qolish uchun ovoz berdi.
Verdens Gang gazetasi buyurtmasi bilan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra:
- 61 foiz norvegiyaliklar monarxiyani qo‘llab-quvvatlaydi,
- bir yil oldin bu ko‘rsatkich 72 foiz,
- 2017-yilda esa 81 foiz edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter