Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ongli ravishda odamlar hayoti xavfga qo‘yilmoqda» – YeI Belarus ma’muriyatini gibrid hujumda aybladi

«Ongli ravishda odamlar hayoti xavfga qo‘yilmoqda» – YeI Belarus ma’muriyatini gibrid hujumda aybladi

Foto: «RIA Novosti»

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Belarus bilan chegaradagi holat bo‘yicha bayonot berdi.

«Oxirgi kunlarda biz ommaviy axborot vositalarida Belarusdagi vaziyatni biryoqlama yorituvchi ma’lumotlar faol tarqatilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Belarus rejimi ongli holda va behayolik bilan odamlarning hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda. U odamlardan o‘zining siyosiy maqsadlari uchun foydalanib, huquqni muhofaza qilish organlari yordamida odamlarni chegaraga jo‘natish va ularning g‘ayriinsoniy va dahshatli qish sharoitida qaytishiga to‘siq qo‘ymoqda», – deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, bu Belarus ma’muriyatining YeIga qarshi, mamlakatdagi vaziyatdan chalg‘itish maqsadiga amalga oshirayotgan gibrid hujumidir.

«Rejim bu inqirozni o‘tgan yilgi o‘g‘irlangan saylovlarga munosabatimiz va uning fuqarolar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatiga nisbatan qo‘llashda davom etayotgan shafqatsiz qatag‘onlari va ta’qiblariga javob sifatida Yevropa Ittifoqiga bosim o‘tkazish uchun yaratdi», – deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, YeI Minsk rejimi tomonidan sodir etilgan dahshatli inson huquqlari buzilish holatlarini diqqat bilan kuzatish va keskin qoralashda davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil avgust oyida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Aleksandr Lukashenko g‘olib bo‘lganini e’lon qilgach, o‘n minglab aholi saylov soxtalashtirilgani bildirib norozilik namoyishi o‘tkazdi.

G‘arb mamlakatlari hamda muxolifat saylov natijasini tan olmadi.  Norozilik namoyishlarini bostirish maqsadida ko‘p sonli faollar qamoqqa hukm qilindi, aksar muxolifat yetakchilari qamaldi yoki xorijga chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

YeI hamda AQSh inson huquqlari va erkinliklar buzilishi sabab Lukashenko ma’muriyatiga sanksiyalar joriy etdi. May oyida Litvaga uchayotgan «Ryanair» shirkati samolyoti Minskda majburiy ravishda qo‘ndirilishi va muxolif jurnalist Roman Protasevichning qamoqqa olinishi ortidan sanksiyalar yanada kuchaytirildi.

YeI hodisani qaroqchilik deb atadi va Yevropa havo hududlarini Belarus aviatashuvchilariga yopdi. Lukashenko esa bunga javoban noqonuniy migratsiyaga qarshi bitimga rioya qilmasligini ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, yoz oylaridayoq Iroq va Suriyadan Belarusga samolyotda migrantlar keltirila boshlagan. Shu tariqa YeI sarhadlarida Yaqin Sharq va Afrikadan kelgan bir necha o‘n ming muhojir to‘plangan, muhojirlar lagerlari yuzaga kelgan. 

Tahlilchilarga ko‘ra, rasmiy Minsk migrantlardan foydalangan holda YeIga bosim o‘tkazmoqchi va joriy etilgan sanksiyalarni yengillatishga erishmoqchi.

«Lukashenko eng kamida YeIdan qasos olishni, Belarus sanoatining muhim yo‘nalishlariga zarba bergan sansiyalarni yumshatishni ko‘zlamoqda. Belarus ma’muriyati YeIni muzokaralar va savdolashuvga ko‘ndirishga urinmoqda. Muhojirlar esa Minsk boshlagan gidrid urushda shunchaki vosita bo‘lib xizmat qilmoqda», – deydi mustaqil tahlilchi Valeriy Karbalevich.

Estoniya tashqi ishlar vaziri Eva-Mariya Liymetsning fikri ham buni tasdiqlaydi. Vazir xonimga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko YeI uni Belarus prezidenti sifatida tan olsa hamda sanksiyalarni yumshatsa, migratsiya inqirozini bartaraf etishga va’da bergan.

17 noyabr kuni YeI Polsha hamda Belarus chegarasida to‘plangan migrantlarga 700 ming yevro ko‘mak ajratilishini e’lon qildi. Qizil xoch va Qizil yarimoy xalqaro harakati tasarrufiga o‘tkaziladigan mablag‘ muhojirlarni oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa muhim buyumlar bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring