Osiyodagi davlat rahbari Trampning qo‘ng‘iroqlarini javobsiz qoldirmoqda

AQSh prezidenti Donald Trampning Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon orqali suhbatlashishga urinishlari besamar ketdi. Hindiston matbuoti «Frankfurter Allgemeine Zeitung» nashriga asoslanib yozishicha, Modi so‘nggi haftalarda to‘rt marotaba Trampning telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berishni rad etgan.
Modi Trampning Hindiston iqtisodiyotini “o‘lik” deb atagani va hind tovarlariga nisbatan bojlarni keskin oshirganidan qattiq xafa bo‘lgan.
Tramp 6-avgust kuni «Qo‘shma Shtatlarning Rossiya Federatsiyasi hukumati tahdidlariga qarshi choralari» deb atalgan hujjatni qabul qilgandi. Unga ko‘ra, Rossiya neftini sotib olayotgan Hindistonga nisbatan 25 foizlik qo‘shimcha boj joriy etildi. Bu esa Hindistondan AQShga eksport qilinayotgan mahsulotlar boji 50 foizga yetishini anglatadi. Bu Vashington tomonidan o‘z savdo hamkorlariga tatbiq etilayotgan eng yirik boj ko‘rsatkichlardan biridir.
Avval xabar berganimizdek, buning ortidan Hindiston AQShdan qurol-aslaha va harbiy aviatsiya sotib olishni vaqtincha bekor qildi. Rasmiy Dehli Hindiston mudofaa vazirining Vashingtonga safarini ham noma’lum muddatga ortga surdi.
AQSh tomoni e’tirozlarga qaramay Hindiston Rossiya neftini sotib olishda davom etayotganidan norozi. Dehli ma’muriyati esa Vashingtonning boj qarorlarini adolatsiz deb atamoqda.
Hindiston AQSh va Yevropa Ittifoqining Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatish talabini allaqachon rad etgan.
27-avgustdan AQSh tomonidan Hindiston tovarlariga joriy etilgan boj miqdori 50 foizga yetdi.
AQSh Hindistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Masalan, 2024-yilda Hindiston Qo‘shma Shtatlarga 86,5 mlrd dollarlik mahsulot eksport qilgan. Bojlarning keskin oshirilishi Hindiston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ammo, jahon matbuoti xabariga ko‘ra, Dehli hozircha Oq uyning bosimlariga yon bermoqchi emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter