Ozarbayjon TIV Markaziy Osiyo bilan hamkorlik darajasini ijobiy baholadi
Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov Boku shahrida bo‘lib o‘tgan 2025 yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ko‘plab masalalar qatori Markaziy Osiyo bilan hamkorlik holati yuzasidan ham fikr bildirdi.
“Tarixan do‘st va qardosh bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar o‘zaro ishonch hamda strategik hamkorlik tamoyillariga tayangan holda, izchil, faol va muvaffaqiyatli tarzda rivojlanmoqda. O‘zaro tashriflarning intensivligi ham hamkorlik va aloqalarning yuksak darajasi, shuningdek, Ozarbayjon tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga alohida o‘rin berilganini yana bir karra tasdiqlaydi”, – dedi Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov.
Qayd etilishicha, 2025 yil davomida Ozarbayjon prezidenti hamda Markaziy Osiyo prezidentlari va yuqori martabali vakillarining 14 ta o‘zaro tashrifi amalga oshirildi. Umuman, so‘nggi uch yil ichida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Markaziy Osiyo davlatlariga 14 marta keldi. O‘z navbatida Markaziy Osiyo yetakchilari Ozarbayjonga 23 ta tashrifni amalga oshirdi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 15-16 noyabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu mashvaratda Ozarbayjon Respublikasi Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilindi.
Jayhun Bayramov Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilinganini e’tiborga molik diplomatik yutuq deb atagan.
Joriy yil avgust oyida Turkmanistonning “Avaza” milliy turizm zonasida prezident Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi.
Ozarbayjon bosh diplomati Jayhun Bayramov mazkur uch tomonlama uchrashuvning ahamiyatiga ham alohida to‘xtalgan.
Eslatib o‘tamiz, prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning 24 dekabr kungi telefon muloqotida ham joriy yilda birgalikda amalga oshirilgan ishlar unumli bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter