Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Pokiston-Afg‘oniston: vaziyat «ochiq urush» bosqichiga o‘tmoqda

Pokiston-Afg‘oniston: vaziyat «ochiq urush» bosqichiga o‘tmoqda

Pokiston qo‘shinlari tun davomida Afg‘onistonning yirik shaharlari — Kobul va Qandahorda Tolibon hukumatiga tegishli harbiy ob’yektlarga havo zarbalari berdi. Bu Islomobodning avvalgi ittifoqchisi hisoblangan Tolibonga qarshi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumi sifatida baholanmoqda. Pokiston rasmiylari vaziyatni «ochiq urush» deb atadi.

Pokiston xavfsizlik manbalariga ko‘ra, zarbalar «yer–havo» turidagi raketalar orqali Tolibonning Kobul, Qandahor va Paktiya viloyatidagi harbiy idoralari va pozitsiyalariga yo‘naltirilgan. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi chegara bo‘ylab bir nechta sektorda yer usti to‘qnashuvlari ham kuzatilgan.

Tolibon harakati esa Pokiston harbiy inshootlariga «javob zarbalari» berganini ma’lum qildi. Har ikki tomon katta yo‘qotishlar haqida xabar bermoqda, ammo keltirilgan raqamlar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Asif: «Sabr kosamiz to‘ldi. Endi bu siz bilan (Afg‘oniston) oramizda ochiq urush», – deb bayonot berdi.

2,6 ming kilometrli chegara bo‘ylab vaziyat keskinlashmoqda. Kobul va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlar Pokistonning Afg‘onistonni chegara ortidan hujumlar uyushtiruvchi jangari guruhlarga boshpana berayotganlikda ayblashi ortidan uzoq vaqtdan beri tarang edi. Tolibon bu ayblovlarni rad etib, Pokiston xavfsizligi «ichki muammo» ekanini ta’kidlab kelgan.

Pokiston yadroviy qurolga ega davlat bo‘lib, uning harbiy salohiyati Afg‘onistonnikidan ancha ustun. Biroq Tolibon ko‘p yillik urush tajribasiga ega partizan usullarida jang olib borishda mohir hisoblanadi. Ular 2021 yilda AQSh boshchiligidagi kuchlar mamlakatni tark etgach, hokimiyatga qaytgan edi.

Tolibon rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid Pokiston Kobul, Qandahor va Paktiyaning ayrim hududlariga havo zarbalari berganini tasdiqladi, ammo batafsil ma’lumot taqdim etmadi.

Diplomatik manbalarga ko‘ra, Rossiya, Xitoy, Turkiya va Saudiya Arabistoni mojaroni bartaraf etish uchun vositachilik qilishga harakat qilmoqda.

Shuningdek, Eron ham ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi vaziyatni yumshatishga ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirgan. Tehronning ushbu taklifi uning Vashington bilan yadroviy nizo bo‘yicha muhim muzokaralar olib borayotgan pallada yangragani qayd etilmoqda.

Hozircha vaziyatning qanday rivojlanishi noaniq. Biroq kuzatuvchilar ikki yadroviy qudratga yaqin hududda keng ko‘lamli mojaro boshlanishi ehtimoli mintaqada barqarorlikka jiddiy tahdid solishini ta’kidlamoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring