Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston «oltin viza» joriy qilmoqda

Qozog‘iston «oltin viza» joriy qilmoqda

Foto: Xabar.uz / Sobir Salim

Qozog‘iston investorlarni, malakali mutaxassislarni va iste’dodlarni jalb qilishga yo‘naltirilgan migratsiya siyosatining yangi modeliga o‘tmoqda. Mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev shunga doir farmonni imzoladi.

Hujjat keng ko‘lamli raqamli islohotlarni va avvalgi ruxsat berish-kvota tizimidan rag‘batlantiruvchi tizimga o‘tishni ko‘zda tutadi.

Qayd etilishicha, asosiy maqsad mamlakatda investitsiyalar va inson kapitali uchun mintaqaviy hab shakllantirish bo‘lib, rejalashtirilgan o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun hukumatga 2026-yil yakuniga qadar muddat berilgan.

Qozog‘iston matbuoti xabariga ko‘ra, islohot doirasida viza tizimi qayta ko‘rib chiqiladi. Toifalar birxillashtiriladi va yangi formatlar bilan to‘ldiriladi. Investorlar va direktorlar kengashi a’zolari uchun biznes viza, olimlar, shifokorlar, madaniyat arboblari va yetakchi oliy o‘quv yurti bitiruvchilari uchun malakali xodim vizasi, shuningdek, aniq investitsiya loyihalari ishtirokchilari uchun vaqtinchalik xodim vizasi joriy etilmoqda.

Investorlar va yuqori malakali mutaxassislar uchun «oltin viza» joriy etilishi muhim o‘zgarishlardan hisoblanadi. Ushbu viza sohiblari davlat xizmatlaridan kengaytirilgan tarzda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu amalda fuqarolarning huquqlariga yaqin maqomdir.

«Oltin viza» egalari va ularning oila a’zolari uchun katta soliq imtiyozlari ko‘zda tutilgan. Bu o‘rinda gap jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, shuningdek, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilish haqida ketmoqda.

Islohotning alohida yo‘nalishi — raqamlashtirishdir. Xorijiy fuqarolar uchun e-Residency moduliga ega QazETA yagona platformasi yaratiladi, u «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha masofadan ariza topshirish imkonini beradi.

Ma’lumot o‘rnida: joriy yil 30-aprel kuni Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi ham mamlakatning investitsion jozibadorligini mustahkamlash va uzoq muddatli biznes hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «oltin viza» olish qoidalarini tasdiqladi.

Unga muvofiq, Qozog‘iston kompaniyalari ustav kapitaliga yoki mahalliy emissiya qimmatli qog‘ozlariga kamida 300 ming dollar investitsiya kiritgan chet el fuqarolari ushbu viza uchun ariza topshirishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring