Qozog‘istonda ham voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkin
Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva Hukumat majlisida Davlat rahbari tomonidan Milliy qurultoyning V yig‘inida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida ommaviy axborot vositalari sohasida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Vazirning ta’kidlashicha, bolalar va o‘smirlarni ijtimoiy tarmoqlardan himoya qilish masalasi kun tartibida turibdi. Shu munosabat bilan Madaniyat va axborot vazirligi tomonidan onlayn-platformalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihalari ishlab chiqilgan.
Xususan, ushbu qonun loyihalarida 16 yoshga to‘lmagan fuqarolar uchun ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishni taqiqlash nazarda tutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, qonun loyihalari ekspert baholashidan o‘tgan va jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan. Ularni samarali amalga oshirish maqsadida Madaniyat va axborot vazirligi Ta’lim vazirligi hamda Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda foydalanuvchilar yoshini aniqlash mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, zarurat tug‘ilganda javobgarlik choralarini belgilashni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, aholining mediasavodxonligini oshirish va mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, qonunchilik darajasida reklama daromadlarini onlayn-platformalar va OAV o‘rtasida taqsimlashni tartibga solish, shuningdek, ayrim tovarlar reklamasiga qo‘yilgan taqiqlarni qisman bekor qilish imkoniyati ham ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Manba: t.me


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter