Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qozog‘iston mintaqada birinchi bo‘lib sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyalarini ishga tushirdi

Qozog‘iston mintaqada birinchi bo‘lib sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyalarini ishga tushirdi

Foto: Shutterstock

Qozog‘istonning Turkiston shahrida sun’iy ravishda yog‘ingarchilikni ko‘paytirish loyihasi ishga tushirildi. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, shu tariqa Qozog‘iston sun’iy yomg‘ir texnologiyalarini amaliyotda qo‘llashga o‘tgan mintaqadagi birinchi davlat bo‘ldi.

Loyihani ishga tushirish marosimida Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari – Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev, BMT Butunjahon meteorologiya tashkiloti prezidenti, BAA Milliy meteorologiya markazi bosh direktori Abdulloh Ahmad Al-Mandus, BAAning Qozog‘istondagi elchisi Muhammad Said Muhammad Al-Ariqiy hamda Turkiston viloyati hokimi Nuralxon Kusherov ishtirok etgan.

Ushbu texnologiya Turkiston viloyatidagi 911 ming gektardan ziyod bo‘lgan haydaladigan yerlarda qurg‘oqchilik va suv taqchilligi oqibatlarini yumshatishga xizmat qiladi.

Loyiha ob-havoni o‘zgartirish hamda sun’iy ravishda yog‘ingarchilikni ko‘paytirish texnologiyalari sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan BAA Milliy meteorologiya markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

«Qozog‘iston yangi iqlim barqarorligi tizimini shakllantirish sari amaliy qadam tashlamoqda. Mintaqada ilk bor sun’iy ravishda yog‘ingarchilikni ko‘paytirish texnologiyalari sohasida bunday keng ko‘lamli loyiha ishga tushirilmoqda. Biz uchun bu ilm-fan, xalqaro sheriklik va raqamli texnologiyalarga asoslangan zamonaviy iqlim infratuzilmasini shakllantirish yo‘lida debochadir», – degan Qozog‘iston bosh vazir o‘rinbosari Jaslan Madiyev.

Xalqaro tahlillarga qaraganda, sun’iy ravishda yomg‘ir yog‘dirish texnologiyalari yog‘ingarchilik miqdorini 10-20 foizgacha oshirish imkonini beradi. Mazkur texnologiyalar Xitoy, AQSh, BAA, Fransiya va Saudiya Arabistonida qo‘llanmoqda.

Ushbu texnologiya mahalliy ta’sir xususiyatiga ega bo‘lib, uning radiusi 5 kilometrdan oshmaydi va keng ko‘lamli ob-havo hodisalarini keltirib chiqarmaydi. Buning uchun sun’iy ravishda yog‘ingarchilikni ko‘paytirish texnologiyalari bo‘yicha xalqaro amaliyotda qo‘llanadigan tuzli reagentlardan foydalaniladi.

Yangi loyiha qishloq xo‘jaligi hududlarini suv bilan ta’minlash samaradorligini oshirishi, qurg‘oqchilikdan ko‘riladigan zararni kamaytirib, hosildorlikni ko‘tarishi kutilmoqda. Yillik iqtisodiy samara esa 35 milliard tengegacha baholanmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring