Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya Markaziy Osiyo mehnat muhojirlarini ajal komiga yubormoqda

Rossiya Markaziy Osiyo mehnat muhojirlarini ajal komiga yubormoqda

Foto: AP

Rossiya hukumati Markaziy Osiyo mamlakatlari mehnat muhojirlarini Ukraina urushida qatnashishga ko‘ndirishga urinmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniya mudofaa vazirligining kunlik hisobotida so‘z boradi.

Urushga yollovchi mulozimlar Rossiyadagi masjidlarga borib, muhojirlar bilan suhbatlashmoqda. Migratsiya markazlari xodimlari ham muhojirlarni mo‘may pul taklif qilib qarmoqqa tushirishga urinmoqda. Ixtiyoriy ravishda ajal komiga borish evaziga muhojirlarga 4160 dollar oylik maosh, shuningdek, Rossiya fuqaroligi va’da qilinmoqda.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi tahlillariga ko‘ra, katta maosh va fuqarolik va’dasiga ishonib chuv tushgan migrantlar urushning eng xatarli nuqtasi – oldingi frontga yo‘llanmoqda.

Rossiya rahbariyati aholi noroziligini kuchaytirmaslik uchun yalpi safarbarlik e’lon qilishdan tiyilmoqda va  aldov, majburlov kabi usullar bilan ko‘ngillilarni urushga yuborishga urinmoqda.

Jamoat faollari bir necha oydan buyon Rossiyada mehnat qilayotgan Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston vatandoshlarini Ukraina urushiga yuborishga qaratilgan targ‘ibot kuchayganidan ogohlantirmoqda.

Moskva shahri jamoat transportida Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilishni targ‘ib etuvchi e’lonlar o‘zbek, qirg‘iz va tojik tillarida tarqatilayotgani aytilmoqda.

2022 yil sentyabr oyida esa Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan xorijliklarga fuqarolikni qisqa muddatda olish imkonini beruvchi tuzatish qabul qilingan.

Vashingtondagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) ham Rossiya Ichki ishlar vazirligi mehnat muhojirlarini urushga yollash jarayonini osonlashtirishga qaratilgan qonun loyihasini taklif etayotganini ma’lum qilgan.

Avval xabar berganimizdek, Rossiya Davlat dumasi deputati Mixail Matveyev fuqarolik olgan Markaziy Osiyo vakillarini Ukraina urushiga jo‘natishni taklif qilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring