Rossiya migrantlar uchun iqtisodiy shartlarni yanada kuchaytirishni rejalashtiryapti
Rossiya hukumati 19 fevral kuni Moliya vazirligi tayyorlagan «Rossiya Federatsiyasida chet el fuqarolarining huquqiy maqomi to‘g‘risida»gi qonun va Soliq kodeksiga o‘zgartishlarni ko‘rib chiqdi. Yangi takliflar vizasiz davlatlardan kelgan mehnat migrantlari uchun iqtisodiy shartlarni yanada kuchaytirishni nazarda tutadi. Hujjatlar Vladimir Putin topshirig‘i asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2027-yildan kuchga kirishi mumkin.
Taklif etilayotgan tuzatishlarga ko‘ra, patent asosida ishlaydigan chet elliklar to‘laydigan belgilangan to‘lov qimmatlaydi. Endi Rossiyada vaqtincha yoki doimiy yashovchi va jismoniy shaxslar qo‘lida shaxsiy-maishiy ehtiyojlar uchun ishlaydigan migrantlar ham ushbu to‘lovni amalga oshirishi shart bo‘ladi.
Yana bir muhim o‘zgarish — agar patent egasining voyaga yetmagan farzandlari yoki boshqa qaramog‘idagi boshqa ishsiz qarindoshlari bo‘lsa ham, har biri uchun asosiy to‘lovning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi. Farzand 18 yoshga to‘lgach, u mustaqil ravishda patent rasmiylashtirishi yoki yashash uchun boshqa huquqiy asos bo‘lmasa, mamlakatni tark etishi kerak bo‘ladi.
Hozirgi bazaviy oylik to‘lov 1,2 ming rubl (191,2 ming Щzbek sщmi) etib belgilangan, ammo u mintaqaviy koeffitsiyentlar bilan ko‘paytiriladi. Moskvada bu summa oyiga taxminan 10 ming rublga yetadi, boshqa hududlarda esa 3,4 ming rubldan 27,3 ming rublgacha o‘zgarishi mumkin.
Qonun loyihasi Ichki ishlar vazirligi va Soliq xizmati o‘rtasida ma’lumot almashinuvini kuchaytirishni ham ko‘zda tutadi. Patentni uzaytirish uchun migrant o‘zining sof daromadi yashash minimumi darajasidan kam emasligini tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Bunda uning o‘zi va oila a’zolari hisobga olinadi. Soliq organlari har chorakda chet elliklar daromadlari haqidagi ma’lumotlarni IIVga taqdim etib boradi.
Agar o‘zgartishlar qabul qilinsa, ular mehnat migrantlari uchun moliyaviy yukni oshirishi va rasmiy daromadlarni qat’iy nazorat qilishga olib kelishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter