Sirli bulutlar: o‘tmish va kelajakka parvoz

1975-yili 127 nafar yo‘lovchici bor samolyot Mayami aeroportiga yaqinlashgan chog‘i qo‘qqisdan havoda yo‘qolib qoldi. O‘n daqiqa davomida lokator ekranida umuman ko‘rinmadi, radioto‘lqinda ovozi ham eshitilmadi. Pirovardida aynan avvalgi – yo‘qolgan joyida paydo bo‘ldi-yu, belgilangan vaqtdan o‘n daqiqa kechikib yerga qo‘ndi.
Ushbu favqulodda hodisa Shveysariyada chiqadigan «Veltvoxe» gazetasida batafsil yoritildi. Ammo hech kim «O‘sha joydan oldinlari ham talay samolyot uchib o‘tgan, biron marta ham bunaqa holat kuzatilmagan. Bu qanaqasi?» degan savolga aniq javob berolmadi.
Bunday samoviy voqea-hodisalar muqaddam boshqa hududlarda ham kuzatilgani fanda ko‘p bor qayd etilgan. Masalan, Ikkinchi jahon urushi davrida jangovar topshiriqni bajarib qaytayotgan rus bombardimonchi samolyoti aerodrom tepasiga yetganida oppoq bulutlar qa’riga sho‘ng‘iganu, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Shu zahotiyoq yer bilan aloqasi uzilgan. Yarim soat ichida qandaydir mavhum muhitda bir yarim ming chaqirimlik masofani uchib o‘tgan. Bulutlar orasini yorib chiqqach, O‘rol tog‘lari ortida ko‘zga chalingan.
Yanada qiziqarli boshqa dalil. 1934-yili Viktor Guddart ism-sharifli shotlandiyalik uchuvchi, xoh ishoning-xoh ishonmang, o‘z samolyotida kelajakka «sayr» qiladi. «Og‘irkarvon» bulutlar og‘ushida parvoz qilib borayotib, samolyoti qanotlari ostida quyosh shu’lasidan charog‘on notanish yer bo‘lagini ko‘radi. Unda qo‘nalg‘a ham bo‘lib, ko‘zni qamashtiradigan darajada ravshan yorug‘likka chulg‘angandi. Bir chetda samolyotlar turadigan g‘ayritabiiy shaklli binolar qad rostlagan, sal beridagi havo laynerlari esa sariq tusda tovlanardi.
Guddart uzoq yillar uchuvchilik qilib, bunaqa qo‘nalg‘a borligini eshitmagan va ko‘rmagan edi. Afsuski, u «yangi aerodrom»ga qo‘nish baxtiga muyassar bo‘lolmadi. Samolyot boyagidan-da boshqacharoq ko‘rinishdagi bulutlar bag‘riga sho‘ng‘idi-yu, lahza o‘tmay uchgan joyiga kelib qo‘ndi.
To‘rt yildan keyingi parvozlaridan birida Guddart o‘sha aerodromni ikkinchi bor ko‘rdi. Hamma-hammasi o‘tgan safargidek edi. O‘sha sariq imoratlar, ularning atrofida sariq rangga bo‘yalgan samolyotlar turardi.
Vaqti-soati yetib, Guddart aviatsiya marshali darajasiga ko‘tarildi. Lekin mudom o‘z fikrida sobit qoldi. «Mening ko‘rganim kelajakda barpo etilajak aerodromlar edi!» degan xulosasidan hech qachon voz kechmadi.
Samolyot bilan bog‘liq tilsimlarga bag‘oyat qiziqadigan daniyalik fizik Poks Xeglund bu yanglig‘ noyob holatlardan 274 tasini qog‘ozga tushirgan. U to‘plagan ma’lumotlar, asosan, sobiq ittifoq va Amerika uchuvchilari ko‘rgan voqealar bayonidan iborat edi.
Mana, ayrim misollar:
1976-yil. «MiG-25» samolyoti uchuvchisi Viktor Orlov kutilmaganda yerga g‘alati xabar beradi. Pastda qizg‘in jang borayotganini, dushmanlar bir-biriga XIX asr to‘plaridan snaryad, pilta miltiqlardan o‘q otishayotganini ko‘rayotganini aytadi.
1984-yil. Florida shtati ustidan uchib o‘tgan amerikalik uchuvchi R.Uitmen yerga qadam qo‘yar-qo‘ymas, hayajon aralash shunday deydi: «Bilasizlarmi, men hozirgina qayerda bo‘ldim – o‘rta asrlarga xos Yevropada! Yuqoridan turib ulkan gulxanni, uning yon-verida uyum-uyum bo‘lib yotgan inson loshlarini ko‘rdim». Demak, R.Uitmen o‘zi bilmagan holda qit’ada vabo avjiga chiqqan davrlarga «sayr» qilgan bo‘lishi mumkin. Nato Qurolli kuchlarining boshqa bir uchuvchisi esa ko‘hna Rimga «tashrif» buyuradi. Nigohi shahar ko‘chalarida yurgan ikki g‘ildirakli jang aravalariga, aftidan, yaqindagina qurib bitkazilgan kollizeyga tushadi.
1985-yil. Xuddi shu Qurolli kuchlarning boshqa uchuvchisi Shimoliy Yevropada joylashgan bazadan samoga ko‘tariladi. Zum o‘tmay, yozma tarix paydo bo‘lmasidan oldingi Afrika osmoniga borib qoladi. Uchish jarayonida pastda yoyilib o‘tlab yurgan dinozavrlarni ham ko‘radi.
1988-yil. Uchuvchi Aleksandr Ustinov burchini o‘tayotib, ilkis hushyor tortadi. Zaminda endigina tiklangan bitta ehrom bo‘lib, boshqalarining poydevorini qurish jadal sur’atlarda olib borilardi. Bunyodkorlik maydonida odamlar g‘imirlardi...
Yuqoridagi bitiklarni o‘qib, ehtimol, siz ham hayratga tushgandirsiz. Ehtimol, «aravani quruq olib qochish evi bilan-da» deya lab burgandirsiz. Shubhaga bormasligingiz uchun bitta gapni eslatib o‘tay: yuqorida tilga olingan voqealar shohidi bo‘lgan uchuvchilarning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shifokorlar «Ularning tani-jonlari sog‘, asablari va ruhiy holatlari risoladagidek», degan ijobiy xulosa berishgan.
Xo‘sh, u holda uchuvchilar samoda bo‘lgan paytlari ularga ko‘ringan manzaralar nima edi: moziy va kelajakning inson xayolida shunchaki jonlanishimi yoki borliq dunyoning hamisha tanho osmon ostida jamlanishimi?
Bunisi endi hozircha insonning aqli yetmagan rosmana jumboq!
A.Haydarov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter