To‘qayev Qozog‘iston xalqini Respublika kuni bilan tabrikladi
Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev qozog‘istonliklarni Respublika kuni bilan tabrikladi. U 35 yil avval qabul qilingan Suverenitet haqidagi Deklaratsiya Qozog‘iston uchun yangi tarixiy davrni boshlab berganini eslatib o‘tdi.
To‘qayev bu yillar davomida mamlakatda mustaqillik poydevori yaratilgan, chegaralar mustahkamlangan, yangi poytaxt barpo etilgan, milliy o‘zlik va hayot sifati oshgan, shuningdek tashqi siyosat orqali mamlakat nufuzi ortganini ta’kidladi.
«35 yil avval Suverenitet Deklaratsiyasini qabul qilib, Qozog‘iston yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydi. Bu taqdiriy hujjat xalqimizga o‘z kelajagini mustaqil belgilash huquqini berdi va zamonaviy davlat qurilishining boshlanish nuqtasiga aylandi.
Har bir avlodning o‘ziga xos vazifasi bor. Bizning umumiy burchimiz — ajdodlarimiz vasiyatiga amal qilib, muqaddas Mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, Qozog‘istonni rivojlangan, ilg‘or va adolatli davlatga aylantirishdir.
Ishonchim komil, fidokorona mehnat, o‘zaro yordam va eng muhimi — birlik tufayli biz barcha rejalashtirilgan maqsadlarga erishamiz va yangi cho‘qqilarni zabt etamiz.
Vatanimiz kelajagi — har birimizning qo‘limizda!
Moviy osmon ostida Qozog‘iston bayrog‘i doimo hilpirab tursin!
Barcha yurtdoshlarimga sog‘lik, farovonlik va yangi yutuqlar tilayman!» — deyiladi Prezident tabrigida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter