Tramp Kongressga murojaat qildi: asosiy nuqtalar
AQSh prezidenti Donald Tramp Kongressda an’anaviy murojaati bilan chiqish qildi. U 1 soatu 48 daqiqa davom etdi va so‘nggi 60 yil ichidagi eng uzun prezidentlik murojaatlaridan biri bo‘ldi.
Oliy sud qarori va tariflar
Tramp AQSh Oliy sudining bojxona bojlari bo‘yicha qarori «umidsiz va omadsiz» bo‘lganini aytdi. Shu bilan birga, u ko‘plab davlatlar avval tuzilgan kelishuvlarni saqlab qolish istagida ekanini va hamkorlik davom etishini ta’kidladi.
Rossiya — Ukraina urushi
Prezident har oy o‘rtacha 25 mingga yaqin harbiy halok bo‘layotganini aytib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qon to‘kilishni to‘xtatish ustida ish olib borilayotganini bildirdi. U prezident sifatida mumkin bo‘lgan joyda tinchlikka erishishga harakat qilishini, ammo AQShga tahdid soluvchi kuchlarga qarshi qat’iy chora ko‘rishdan tiyilmasligini qayd etdi.
Eron va yadroviy tahdid
Trampning aytishicha, Eron Yevropaga va xorijdagi AQSh harbiy bazalariga yeta oladigan raketalar ishlab chiqqan, hozir esa AQSh hududigacha yetadigan raketalar ustida ishlamoqda. U diplomatik yo‘lni afzal ko‘rishini, ammo «terrorizmning asosiy homiysi» deb atagan Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.
Ichki xavfsizlik va chegara
Tramp demokratlarni mamlakat Ichki xavfsizlik departamentini moliyalashtirishni to‘xtatganlikda aybladi. U chegara xavfsizligi uchun mablag‘larni to‘liq va zudlik bilan tiklashni talab qildi.
Korrupsiyaga qarshi kurash
Prezident to‘rtta demokratlar boshqarayotgan shtatda korrupsiya jiddiy muammo ekanini aytdi. Unga ko‘ra, vitse-prezident Jems Devid Vens soliq to‘lovchilarga milliardlab dollar zarar keltirayotgan firibgarliklarga qarshi kurashga rahbarlik qiladi.
«Amerikaning oltin asri»
Tramp hozir AQSh chegaralari himoyalangani, armiya va politsiya to‘liq tarkibda ekani hamda mamlakat xalqaro maydonda yana hurmat qozonganini ta’kidladi. U 4 iyul kuni nishonlanadigan Amerika mustaqilligining 250 yilligini tilga olib, bu davrni «Amerikaning oltin asri» deb atadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter